Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida “Nima uchun mintaqa davlatlari Markaziy Osiyo Ittifoqini yaratish masalasini ko‘rib chiqmaydi?”, degan savolga javob berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
“Integratsiyaning asosiy tarkibiy qismi bu davlat va iqtisodiy tuzilishning umumiy tamoyillari, qadriyatlar va uyg‘un mexanizmlari hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlarida bu mavjud emas. Shunga qaramasdan, juda katta qiziqish bor, biroq bu masalani ko‘tarishga hali vaqtli”, — deydi senator mintaqadagi integratsiya jarayoni istiqbollari haqida gapirib.
“Lekin O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi eng asosiy yutuqlaridan biri — so‘nggi 4 yil ichida mintaqa mamlakatlarining ishonchli hamkorligini tiklashga muvaffaq bo‘lgani, deb o‘ylayman. 5—6 yil oldin havoda dushmanlik, shubha va qandaydir agressiya hidi esib turar edi. Hozirda biz dialogni tiklashga erishdik. Odamlar gaplasha boshladi, ular murosaga ham tayyor. Bugungi kunda odamlar yillar davomida chegaralar bo‘ylab to‘xtab qolgan masalaning variantlarini muhokama qilmoqda. Bu odatda muhokama qilish uchun ‘tabu’ (taqiq) bo‘lgan”, — deydi Safoyev.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari delimitatsiya va demarkatsiya jarayonini yakunlamasdan turib, O‘zbekistonda mustaqil davlat shakllanishining yakunlanishi yoki tranzit davrning yakunlanishi haqida gapirishga erta ekanligini ham aytib o‘tgan.
“Ushbu fundamental savolni hal qilishimiz kerak. Birgina suv resurslarini boshqarish hayot-mamot masalasidir. Bugungi kunga kelib, kompromissni topish va oldinga siljishga erishdik. Lekin hammasi hal etilgani yo‘q, hali oldinda ko‘plab ishlar bor. Biroq ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Men o‘ylaymanki, bu ayni bosqichda katta yutuq hisoblanadi”, — deya qayd etadi Sodiq Safoyev.
Avvalroq O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralar bo‘yicha muzokaralarni mart oyining birinchi o‘n kunligida tiklashi to‘g‘risida xabar berilgandi.