Senatning navbatdagi yigʻilishida, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning hisoboti tinglanmoqda. Yalpi majlisda MB raisiga aholining banklarga valyuta koʻrinishidagi omonatlarni qoʻyishi oʻtgan yilgiga qaraganda 9 foizga kamaygani va bu nima bilan bogʻliq ekani soʻraldi.
Nurmuratovga koʻra, haqiqatda hisobot davrida Oʻzbekiston banklaridagi depozitlar tizimida oʻzgarishlar kuzatilgan. Aholining umumiy omonatlari 1,7 barobarga oshganida valyutadagi muddatli omonatlarda kamayish sodir boʻlgan.
«Buni dedollarizatsiya bilan izohlash mumkin. Yaʼni aholining valyuta kursidagi kichik darajada tebranishning saqlanib qolishi va omonatlar boʻyicha foizlarning jozibadorligi 21-22 foiz oraligʻida shakllanishi valyutadagi mablagʻlarini olib soʻmda depozit qoʻyishga boʻlgan qiziqishlarini oshirmoqda. Bu amaliyotda koʻrilyapti. Buni yaxshi holat deb baholash mumkin. Bu vaziyatni odamlar valyutasini uyida saqlayapti deb qarash ham kerak emas. Ammo maʼlumotlarga koʻra, hozirda aholining qoʻlida qariyb 12 mlrd AQSH dollari bor. Biz hozir bularning hammasini jalb qila olmaymiz. Lekin yuqorida aytilganidek, odamlar dollarlarini soʻmga almashtirib muddatli depozitlarga qoʻyishni boshlagan va bu biz uchun quvonchli hol», deydi Markaziy bank raisi.
U, shuningdek, valyutadagi muddatli omonatlardagi kamayishni oʻtgan yilgi geosiyosiy vaziyat bilan bogʻlagan. Yaʼni, Nurmuratovning taʼkidlashicha, urush boshlangandan buyon 60 mingdan ortiq norezidentlar oʻzbek banklarida hisobvaraqlar ochgan va ularning mablagʻlari 892 mln.dollar atrofida. Bu jami chakana depozitlarning (6 mlrd.dollar) qariyb 15 foizi degani.
“Shuning hisobiga talab qilib olinguncha valyutadagi depozitlarimizda oʻsish kuzatilgan edi”, deydi Nurmuratov.