Fransiya sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makron va “Milliy front” partiyasi yetakchisi Marin Le Pen Fransiyadagi prezident saylovlarining ikkinchi bosqichiga chiqadi. Bu haqda Reuters Fransiya ichki ishlar vazirligining yakuniy ma’lumotlariga tayanib xabar berdi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida Makron ovozlarning 23,75 foizini, Le Pen — 21,53 foizini ovoz to‘pladi.
“Respublikachilar” partiyasidan nomzod, sobiq bosh vazir Fransua Fiyon 19,91 foiz ovoz bilan prezidentlik poygasidan chiqib ketadi. “Bo‘ysunmagan Fransiya” harakati yetakchisi Jan Lyuk Melanshon unga deyarli tenglashib oldi — 19,64%.