/

Liz Trass va Charlz III o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi

Foto: Sky News

Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass va qirol Charlz III o‘rtasida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP27 konferensiyasida qatnashish borasida ziddiyatlar yuzaga keldi. Bu haqda The Sunday Times xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, bosh vazirning qat’iy talabi bilan Britaniya qiroli tadbirda ishtirok etishdan bosh tortgan. “Charlz III Misrda dunyo yetakchilari uchrashuvida nutq bilan chiqish qilishni rejalashtirgandi. Trass o‘tgan oy Bukingem saroyidagi shaxsiy qabul chog‘ida qirolning rejalariga qarshi chiqdi, uning o‘zi ham Sharm-ash-Shayxdagi sammitga borishi amri mahol”, — deyiladi xabarda.

Times ma’lumotlariga ko‘ra, bu qaror bosh vazir va qirol o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlikni kuchaytirishi mumkin. Nashr manbasi qayd etishicha, bu masala bo‘yicha muhokama “samimiy kayfiyatda”, mojarolarsiz kechgan. “Janobi oliylari sammitda jismonan qatnashmasa-da, u ishtirok etish usullarini topadi”, — dedi u.

Times’ning yana bir manbasi ta’kidlashicha, qirol Charlz iqlim bo‘yicha konferensiyada qatnashmasa, hafsalasi pir bo‘ladi.

COP27 2022-yil noyabrida bo‘lib o‘tadi. Global falokat oldini olish bo‘yicha rejalar muhokama qilinadigan yangi nuqtalar Misr va Birlashgan Arab Amirliklari bo‘ladi.

Charlz III avvaldan ekologiya va iqlim muammolari bilan shug‘ullanib kelgan. 1970-yil fevralida Yevropa tabiiy merosini asrash bo‘yicha konferensiyada qatnashib, atrof-muhit ifloslanishi oqibatlari haqida nutq so‘zlagan edi. 2015-yilda u iqlim bo‘yciha Parij bitimini faol qo‘llab-quvvatlagan, 2019-yilda esa ushbu mavzuni AQSH prezidenti Donald Tramp bilan muhokama qilgandi.

2021-yilda u BMTning iqlim o‘zgarishi haqidagi konvensiyasining Glazgoda bo‘lib o‘tgan 26-sessiyasida ishtirok etgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog