Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspektsiyasi tomonidan UNITEL va COSCOM uyali aloqa operatorlari oxirgi vaqtlarda qoʻpol ravishda va bir necha marotaba radioelektron va yuqori chastotali qurilmalardan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda davlat inspektsiyasi xabar berdi.
Foto: habrahabr.ru
Masalan, Unitel kompaniyasi noqonuniy ravishda tijorat maqsadlarida bazaviy stansiya va radiorele tarmoqlaridan qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirmasdan hamda radioaloqa vositalari va yuqori chastotali qurilmalardan texnik ekspluatatsiya qilish uchun hech qanday tegishli ruxsatnomalarsiz Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida foydalangan.
Coscom kompaniyasi Samarqand, Toshkent, Jizzax, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida bazaviy stantsiyalar va radio qurilmalardan noqonuniy foydalangan.
Shunday qilib, ikkala uyali aloqa operatori Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan berilgan uyali aloqa xizmat koʻrsatish litsenziya shartlari hamda bir necha qonun talablarini buzishgan.
Davlat inspektsiyasi maʼlumotiga koʻra, foydalanuvchilardan mazkur operatorlar aloqa sifati boʻyicha shikoyatlar soni kundan kunga ortib bormoqda, xususan suhbat toʻsatdan uzilib qolishi yoki signal yoʻqolishi boʻyicha eʼtirozlar bildirilmoqda. Ikkala uyali aloqa operatori qonun talablariga qatʼiy rioya qilish va litsenziya shartlarini bajarish boʻyicha takroran koʻrsatmalar oldi.