Ko‘ksaroyda Tojikiston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Shundan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, ikki davlat o‘rtasida siyosiy ishonch darajasi oshgani, uzoq yillik dolzarb masalalar qisqa muddatlarda hal etilganini ta’kidladi.
“Biz Sizning ilk davlat tashrifingizga O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi tarixidagi muhim siyosiy voqea sifatida qaraymiz. Bu tomonlarning o‘zaro manfaatli hamkorlikni do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va manfaatdorlik tamoyillari asosida yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekanidan dalolat. Bugun mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiyot va transport-kommunikatsiya salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish borasida ulkan imkoniyatlar ochilmoqda. Bu tashrif haqiqatan ham tarixiy bo‘lishi, kelishuvlarimiz uzoq yillar xalqlarimizga xizmat qilishini istaymiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Emomali Rahmon O‘zbekistonga taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.
“Sizning joriy yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifingizni mamnuniyat bilan eslayman. U mamlakatlarimiz munosabatlarini qayta tiklab, turli sohalardagi hamkorlikka kuchli turtki bo‘ldi. Samarali tashqi siyosatingiz tufayli O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi reytingi oshib bormoqda. Mamlakatingiz, odamlar hayotida ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bu davlat tashrifim xalqlarimiz uchun juda muhim”, dedi Emomali Rahmon.
Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli davlatlararo munosabatlar mustahkamlandi. Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon xalqaro forumlar doirasida uchrashib, telefon orqali tez-tez muloqot qilib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni izchil rivojlantirib kelmoqda.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, odamlar uchun qulayliklarni oshirish masalalari muhokama etildi. Bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solishga, hududlar, yirik korxonalar va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.