Kiyevda O‘zbekiston hamda “Ukraina mashinasozlari va ish beruvchilari ligasi”ning “Ukrmashstroy” uyushmasi birlashtirgan korxonalar vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir qatnashchilari O‘zbekistondagi investitsiya muhiti, jumladan, faoliyat ko‘rsatib kelayotgan va yangi tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalarda sarmoyaviy faoliyat uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Ukraina ishbilarmon doiralari vakillarining e’tiboriga shuningdek, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturi hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy mazmuniga oid ma’lumotlar havola etildi.
Shu bilan birga, joriy yilning 31-may – 3-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Uzbekistan Agrominitech Expo-2017” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasining taqdimoti o‘tkazildi. “Ukrmashstroy” uyushmasi va unga a’zo korxonalar vakillari ko‘rgazma ishida qatnashish istagini bildirdilar va qo‘shma loyihalarni tashkil etish uchun sarmoyaviy takliflar ro‘yxatini shakllantirishga tayyor ekanliklarini bayon etdilar.