Kansahamnida – «Doʻstlik» parkida koreys xalqining Oʻzbekistonga minnatdorlik ramzi

3-iyul kuni Toshkentdagi Doʻstlik bogʻining «Seul-park» burchagida koreys xalqining Oʻzbekistonga koʻchib kelganining 80 yilligiga bagʻishlangan yodgorlik ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Sputnik xabar qildi.

Foto: Sputnik

Marosimda Toshkent hokimi Rahmonbek Usmanov va Seul meri Pak Von Sun ishtirok etishdi.

«Uzoq yillardan beri oʻzbek va koreys xalqlarini bir-biriga oʻxshash urf-odatlar, doʻstona munosabatlar, madaniyat va dunyoqarashlar oʻxshashligi bogʻlab turibdi. Bizning xalqlarga vatanparvarlik, mehnatsevarlik, koʻngli kenglik, oʻzaro hurmat, kattalarga ehtirom va kichiklarga izzat, toqatlilik va iroda kabi xususiyatlar xos», — dedi Viktor Pak, Oliy Majlis deputati va yodgorlik yaratish tashabbuskorlaridan biri.

Yodgorlik bir necha yil davomida yaratilgan. Oʻtkazilgan tanlovlarda Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida yashovchi, Benkov nomli Toshkent Baddiy sanʼat oʻquv  yurtini tugatgan Artur Kvonning ishi gʻolib chiqqan. Bundan oldin Kvon Navoiy teatrining taʼmirlash ishlarida ham rahbarlik qilgan.

«Hozir Oʻzbekistonda koreys millatining beshinchi avlodi tugʻilib oʻsmoqda. Ular Oʻzbekistondan boshqa vatanni oʻzlariga tasavvur ham qila olishmaydi, lekin hali oʻsha mudhish 1937-yilni esidan chiqarmagan qariyalar ham bor. Ular koʻchib kelganlar bilan soʻnggi nonini boʻlishgan oʻzbek xalqining bagʻri kengligini, koʻrsatgan yordamini unutmaydi. Mahalliy aholi koreys xalqiga nafaqat oyoqqa turib olishga, balkim Oʻzbekiston oilasining toʻlaqonli aʼzolari boʻlishga imkon yaratib berdi.Bu yerda biz haqiqiy vatanimizni topdik», — deyilgan yodgorlik ochilishi munosabati bilan Koreys madaniy markazi tarqatgan xabarda.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan asrning 30 yillarida oʻn minglab koreys millati vakillari majburiy ravishda Uzoq Sharq oʻlkasidan Oʻrta Osiyoga, asosan Oʻzbekistonga koʻchirilgan edi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda koreyslar soni 200 mingga yaqin.

Fikr bildirish

Latest from Blog