Kanada hukumati Rossiyaning Ukrainaga bosqini munosabati bilan sanksiyalarga duchor bo‘lgan rossiyaliklar ro‘yxatini kengaytirdi.
Kanada hukumati veb-saytiga ko‘ra, “qora ro‘yxat”ga yana 22 kishi kiritilgan. Ular orasida “Natsionalnaya media gruppa” direktorlar kengashi rahbari Alina Kabayeva, “VTB” va “Sberbank” boshqaruvi a’zolari (jumladan, o‘z lavozimini tark etgan uch kishi), shuningdek, Alfa Bank asoschisi Mixail Fridmanning qizlari Larisa va Yekaterina Fridmanlar bor.
May oyi o‘rtalarida Buyuk Britaniya Alina Kabayeva va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin hamkorlari deb hisoblangan boshqa bir qator shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi. Britaniya sanksiyalar ro‘yxatiga, xususan, Putinning sobiq rafiqasi Lyudmila Ocheretnaya, amakivachchasi Igor Putin va uning o‘g‘li Roman kiritilgan.
Aprel oxirida The Wall Street Journal manbalari AQSH rasmiylari Alina Kabayevaga qarshi sanksiyalar paketini tayyorlagani, biroq Vladimir Putinning “agressiv” munosabat bildirishidan qo‘rqib, uni amalga oshirishni keyinga surgani haqida xabar bergan.
G‘arb davlatlari Kabayevani Putin bilan “yaqin munosabatda”, deb hisoblaydi. AQSH rasmiylarining fikricha, Kabayeva Putinning “kamida uch nafar farzandi”ning onasi va u “Putinning xorijdagi shaxsiy boyligini yashirishda” muhim rol o‘ynayotgan bo‘lishi mumkin.