Xalqaro turizm 2020-yilning dastlabki 10 oyida 70 foizdan ko‘proqqa pasayib, 1990-yil darajasiga tushdi. Bu haqda BMTning Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) ma’lumotlaridan kelib chiqib “Interfaks” xabar berdi.
“2020-yilda xalqaro turizmning 72 foizga pasayishi sayohat cheklovlari, iste’molchilar qo‘rquvi va koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha global kurash bilan bog‘liq. Bularning barchasi bu yilning turizm tarixidagi eng yomon yil bo‘lishiga olib keldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar—oktabr oyida dunyo mamlakatlari 2019-yilning shu davriga nisbatan 900 million kamroq sayyoh qabul qildi”, — deyiladi tashkilot bayonotida.
Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu xalqaro turizmda 935 milliard dollarlik eksport daromadlari yo‘qolishiga olib keldi, bu esa 2009-yilda jahon iqtisodiy inqiroz tufayli ushbu sohaga yetkazilgan zararning 10 baravariga tengdir.
“Amaldagi statistik ma’lumotlarga asosan, yil oxiriga qadar xalqaro sayyohlik tashrifi soni bir milliardga yoki 70-75 foizga kamayib, 30 yil avvalgi darajaga qaytishini taxmin qilish mumkin. Sohadan tushadigan daromad yo‘qotishi esa 1,1 trillion dollarga yetadi. Bunday keskin pasayish jahon YaIMning 2 trillion dollarga qisqarishiga olib keladi”, — deyiladi UNWTO xabarida.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasida sayohatlar soni, ayniqsa, sezilarli pasaygan — 10 oy ichida u 82 foizga kamaydi. Yaqin Sharqda pasayish 73 foizni, Afrikada 69 foizni tashkil etdi. Yevropa va Amerikaga xalqaro sayyohlik 68 foizga kamaydi. Yoz oyida turizmning qisqa muddatli tiklanishi tufayli Yevropadagi pasayish kamroq bo‘ldi. Pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanganidan keyin mintaqada yana cheklovlar joriy etildi. Biroq UNWTO ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqadagi mamlakatlarning 91 foizi sayohat qilish cheklovlarini umuman olganda yumshatgan.
“Sayyohlar xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar xalqaro sayohatlar uchun talab hali ham juda past ekanligidan dalolat bermoqda. Biroq AQSh, Germaniya va Fransiya kabi davlatlarning bozorlarida so‘nggi paytlarda tiklanishning ayrim belgilari ko‘rinmoqda. Bundan tashqari, Rossiya, Xitoy va boshqa ayrim mamlakatlarning ichki turizmiga talab o‘sishda davom etmoqda”, — deyiladi xabarda.
UNWTO prognozlariga ko‘ra, 2021-yilning ikkinchi yarmiga kelib turizm qisman tiklanishi mumkin. Ammo 2019-yilgi xalqaro darajasiga qaytishi katta ehtimol bilan 2,5 yildan 4 yilgacha vaqt olishi mumkin.
“Vaksinatsiya boshlangani to‘g‘risidagi yangiliklar iste’molchilarning sayohatga bo‘lgan xohishini oshiradi, ammo sanoatning tiklanishiga hali ancha bor. Mamlakatlar chegarasini xavfsiz ochish, turizm sohasidagi tashkilot va ish joylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirishlari kerak. Turizm iqtisodiyot sektorlari orasida eng ko‘p zarar ko‘rganligi yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda”, — degan tashkilot rahbari Zurab Pololikashvili.