O‘zbekiston Jinoyat kodeksining yangi tahriri orqali qator huquqbuzarliklarga jinoiy javobgarlik belgilash, shuningdek, kodeksning ayrim moddalarini dekriminallashtirish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Gazeta.uz”. Yangi tahrirdagi qonun loyihasi Bosh prokuratura tomonidan boshqa idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan va muhokama uchun e’lon qilingan.
Xususan, quyidagi harakatlar uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilish taklif etilmoqda:
- Raqobatchini obro‘sizlantirish (Jinoyat kodeksining 192-moddasi);
- Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (Jinoyat kodeksining 183-moddasi);
- Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 189-moddasi);
- Soxta tadbirkorlik (Jinoyat kodeksining 179-moddasi);
- Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik (Jinoyat kodeksining 221-moddasi);
- Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish (Jinoyat kodeksining 221-modda 3-qismi);
- Xususiy mulk huquqini buzish (Jinoyat kodeksining 191-moddasi);
- Diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (Jinoyat kodeksining 221-modda 2-qismi);
- Harbiy yoki muqobil xizmatdan bo‘yin tovlash (Jinoyat kodeksining 225-moddasi);
- Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish (Jinoyat kodeksining 229-modda 2-qismi);
- Voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzish (Jinoyat kodeksining 148-modda 1-qismi);
- Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa (Jinoyat kodeksining 185-2 modda 1-qismi);
- Bo‘ysunuvchining o‘z boshlig‘ini yoki boshliqning o‘ziga bo‘ysunuvchini haqorat qilishi (Jinoyat kodeksining 284-moddasi);
- Harbiy mulkni behuda sarflash, ya’ni muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchisining shaxsan o‘zi foydalanishi uchun berilgan harbiy aslaha-anjomlarni sotishi, foydalanish uchun birovga berishi yoki garovga qo‘yishi (Jinoyat kodeksining 295-modda 1-qismi).
Shu bilan birga, quyidagi xatti-harakatlarga jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda:
Insonda noqonuniy tajriba o‘tkazish
Insonni uning (qonuniy vakilining) yozma roziligisiz obyekt sifatida jalb etib yoki boshqacha tartibda noqonuniy ravishda unda dori vositalarining tibbiy sinovini yoki biologik-tibbiy, psixologik yoki boshqacha usulda tajriba yoxud tadqiqot o‘tkazish sog‘liqqa og‘ir ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 200 baravarigacha jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi yoki ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
G‘ayriqonuniy ravishda psixiatriya muassasasiga joylashtirish
Shaxsni g‘ayriqonuniy ravishda statsionar tartibda psixiatriya muassasasiga joylashtirish yoki unda g‘ayriqonuniy ravishda ushlab turish — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
- g‘arazli niyatlarda;
- xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
- hayot yoki sog‘liq uchun xavfli sharoitda saqlagan holda sodir etilgan bo‘lsa;
- sog‘liqqa o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa;
- boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar, jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zboshimchalik bilan jazolash
Muayyan qilmishni sodir etgan yoki sodir etishda gumon qilingan shaxsni o‘zboshimchalik bilan jazolash maqsadida unga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha jarima yoki bir yilgacha ozodlikdan cheklash bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
- ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan
- bir guruh shaxslar tomonidan;
- ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internetdan foydalanib tarqatilgan holda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha jarima yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mitinglar, yig‘ilishlar yoki namoyishlar tashkil etish, o‘tkazishga yoki ularda ishtirok etishga g‘ayriqonuniy qarshilik qilish
Mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar va boshqa qonuniy tadbirlarni tashkil etish, o‘tkazishga yoki ularda ishtirok etishga g‘ayriqonuniy qarshilik qilish yoki ularda ishtirok etishga majbur etish xizmat mavqeyidan foydalangan holda yoki zo‘rlik ishlatib, aldab, qo‘rqitib yoxud boshqa g‘ayriqonuniy usullar bilan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shantaj
Shantaj, ya’ni o‘zgadan nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan harakatni sodir etishga yoki sodir etishdan o‘zini tiyishga majbur qilish maqsadida jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitish, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shantaj:
- bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;
- telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
- shantaj uyushgan jinoiy guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, og‘ir oqibatlarga olib kelsa, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Insayderlik ma’lumotlari bo‘yicha g‘ayriqonuniy harakatlarni amalga oshirish
Qasddan insayderlik ma’lumotlarini qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha shartnoma tuzishda yoki qasddan insayderlik ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga berish yoki insayderlik ma’lumotlaridan g‘ayriqonuniy tanishish imkoniyatini berish, shuningdek, insayderlik ma’lumotlariga asoslangan holda qasddan uchinchi shaxslarga qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha shartnoma tuzish haqida tavsiyalar berish, agar ushbu harakatlar fuqaroga, tashkilotga yoki davlatga ko‘p miqdordagi zarar yetkazgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining mansab soxtakorligi
Mansab soxtakorligi, ya’ni nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab rasmiy hujjatlarga bila turib soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi, shuningdek, elektron hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish, elektron tizimlardan foydalangan holda soxta hujjatning nusxasini taqdim etishi, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar uyushgan jinoiy guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ota yoki onaning o‘z bolasini sotishi
Ushbu kodeksning 135-moddasida nazarda tutilgan alomatlar mavjud bo‘lmagani holda ota yoki onaning o‘z bolasini moddiy manfaatdorlik evaziga sotishi — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish
Jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ya’ni, uni biror bir axborotni tarqatishga yoki tarqatmaslikka majburlash maqsadida o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, jurnalistga yoxud uning yaqin qarindoshiga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, axloq tuzatish ishlarini jazo tizimidan chiqarib tashlash va uтшish haqidan ushlab qolish bilan almashtirish rejalashtirilgan. Axloq tuzatish ishlaridan farqli o‘laroq, ish haqidan ushlab qolish tarzidagi jazo faqat mahkumning ishi bo‘lgan taqdirda belgilanadi.
Jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxslarga nisbatan quyidagi asosiy jazolar qo‘llanilishi mumkin:
- jarima;
- jamoat ishlari;
- ish haqidan ushlab qolish;
- xizmat bo‘yicha cheklash;
- ozodlikni cheklash;
- intizomiy qismga jo‘natish;
- ozodlikdan mahrum qilish;
- umrbod ozodlikdan mahrum qilish.
Mahkumlarga asosiy jazolardan tashqari maxsus, harbiy, faxriy yoki darajali unvon, diplomatik maqom, malaka toifasi yoki davlat mukofotlaridan mahrum qilish tarzidagi qo‘shimcha jazo ham qo‘llanilishi mumkin.
Xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tariqasidagi jazolar faqat harbiy xizmatchilarga nisbatan qo‘llaniladi.