Bugun Mirobod tuman sudida ayovsiz kaltaklanishi oqibatida kasalxonada vafot etgan Borovskiy tibbiyot kolleji talabasi Jasur Ibrohimov ishi yuzasidan bir oydan ortiq davom etgan sud jarayoni oʻz marrasiga yetdi, deb xabar qilmoqda Sputnik.

Sudya M.Matchonov Islombek Toʻlaganovni Oʻzbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyada oʻtash belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu jinoiy ish yuzasidan davlat ayblovchisi Baxtiyor Akromov Ibrohimovning oʻlimida ayblanayotgan Islombek Toʻlaganovni Oʻzbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3 qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, tayinlangan jazoni umumiy tartibdagi koloniyada oʻtashni belgilashini soʻragan.
27-oktabr kuni boʻlib oʻtgan sud majlisida jabrlanuvchi va ayblanuvchi tomonlarning advokatlari soʻzga chiqishdi. Jabrlanuvchi tomonning advokati Lola Ismoilova prokuror ayblov xulosalariga eʼtiroz bildirib, sudyadan maksimal chora koʻrishni soʻragan boʻlsa, Islombek Toʻlaganovni himoya qilayotgan ikki nafar advokat oʻz himoyachilarining roʻy bergan fojiada aybsizligini isbotlashga urindilar hamda sudyadan ayblanuvchini sud zalidayoq ozod qilishni soʻradilar.
Sudya Islombek Toʻlaganovga himoya nutqini soʻzlash huquqini berdi.
Islom Toʻlaganov himoya nutqida advokatlari tomonidan aytilgan hamma fikrlarga qoʻshilishini maʼlum qildi. Shundan soʻng ayblanuvchiga soʻnggi soʻz berildi. «Agar Jasurbekka nisbatan qasdim boʻlganida, men unga oʻqishning ichidayoq qoʻl koʻtargan boʻlardim. Men unga javob qaytarardim. Meni ota-onam «Hech kimni hafa qilma, urishma» deb, «Kattalarga izzatda, kichkinalarga hurmatda boʻl» deb tarbiya bergan.
Men ularning maslahatlariga quloq solganman. 3-may kuni boʻlib oʻtgan voqeadan judayam qattiq pushaymonman, afsusdaman. Boʻlib oʻtgan voqeadan keyin oʻzimni hech ham kechirolmayman. Hurmatli raislik etuvchi, hurmatli xalq maslahatchilari. Ikkinchi sonli kasalxona vrachlari toʻgʻri tashxis qoʻyib, sifatli tibbiy yordam koʻrsatganida, Jasurbek vafot etmagan boʻlardi. Jasurbek mard inson edi. U bilan salom-aligimiz yaxshi edi. U yerda 2-sonli (kasalxona) vrachlarining ham aybi juda koʻp.
Men ekspertiza xulosasi bilan yaxshi tanishib chiqqanman. Hurmatli raislik etuvchi, xalq maslahatchilari! Menga jazo tayinlashda, Jasurbekka nisbatan qasdim boʻlmaganini, fojia boʻlishini oʻylamaganim, yoshimni, ilgari sudlanmaganimni inobatga olib, adolatli jazo tayinlashlaringizga ishonaman», — deb oʻz soʻziga yakun yasadi Toʻlaganov.
Mirobod tuman sudi tomonidan Islombek Toʻlaganovni Oʻzbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3 qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, tayinlangan jazoni umumiy tartibdagi koloniyada oʻtash belgilandi.