/

Janubiy Koreya prezidenti KXDR va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka qarshi choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi

© East Asia Forum

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakat parlamentida partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga chaqirar ekan, KXDR va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka qarshi choralar ko‘rish zarurligini alohida ta’kidlaganini «Renxap» axborot agentligi xabar berdi.

«Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik bizning milliy xavfsizligimiz uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Biz qarshi chora sifatida barcha ehtimoliy ssenariylarni sinchkovlik bilan o‘rganamiz,» — deyiladi prezidentning parlamentga yuborilgan, bosh vazir Xan Dok Su tomonidan dushanba kuni o‘qib eshittirilgan murojaatida.

Prezidentning ta’kidlashicha, Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning yadroviy tahdidlariga qarshi kurashni AQSh bilan mustahkam ittifoq va Yaponiya bilan uch tomonlama xavfsizlik hamkorligi orqali sezilarli darajada kuchaytirdi.

Yun Sok Yol, shuningdek, Shimoliy Koreyadan qochib chiqqanlarga ko‘makni kengaytirishga va KXDRda inson huquqlari bilan bog‘liq muammolarga ko‘proq e’tibor berishga va’da berib, ushbu mavzuda xalqaro muhokama tashkil etishni rejalashtirdi.

«Biz xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan erkin va birlashgan Koreya konsepsiyasini kengaytirish ustida ishlaymiz,» — deyiladi murojaatda.

Fikr bildirish

Latest from Blog