Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida O‘zbekistonda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yuqori natijali dori-darmonlarni ishlab chiqarishga kelishildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Janubiy Koreyaga davlat tashrifini yoritish bo‘yicha maxsus matbuot markazi xabar berdi.
Shartnomalar doirasida O‘zbekistonga bu yo‘nalishda 25 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya qilinadi.
Dalim BioTec, Yuhan Corporation va Erae kabi yirik kompaniyalar bilan bitimlar tuzildi. Tomonlar investitsion loyihalarning tezkor amalga oshirilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
O‘zbekistonda yaratilgan 7 ta yangi, erkin farmatsevtik zonalarga alohida e’tibor qaratildi. Janubiy Koreya kompaniyalari O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni e’tirof etib, O‘zbekiston bilan hamkorlikni yangi bosqichda davom ettirish va investitsiya mablag‘larini ko‘paytirish borasida aniq xulosaga kelganliklarini aytib o‘tdi.