Jahon banki O‘zbekistonga 840 million AQSh dollari ajratdi

Jahon banki Direktorlar kengashi 2018-yilda O‘zbekistonda qator loyihalarni amalga oshirish uchun 840 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratdi. Bu haqda Reyter agentligiga tayanib UzA xabar berdi.

Foto: Premium Times

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu mablag‘ning 200 million dollari kichik va o‘rta sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish, 500 million dollari meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, 140 million dollari isitish tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihalariga yo‘naltiriladi.

Jahon banki 2017-yilda O‘zbekiston biznes yuritish sharoitlarini tubdan yaxshilagan 10 mamlakat qatoriga kirganini e’tirof etgan. Korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qurilishga ruxsat olish, minoritar investorlarini himoya qilish, soliqqa tortish va elektr ta’minotiga ulanish kabi sohalardagi katta o‘zgarishlarni qayd etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jahon bankiga 1992-yilda a’zo bo‘lgan. O‘tgan davrda umumiy qiymati 2,9 milliard dollardan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilinib, 30 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan.

Joriy yil 18-yanvar kuni Jahon banki bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurgan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bilan uchrashgan edi.

Fikr bildirish

Latest from Blog