Istanbulda dengiz sohilidan topilgan jasad O‘zbekiston fuqarosi ekani tasdiqlandi

Istanbul shahrining Kadikoy tumanidagi dengiz sohilidan topilgan jasad O‘zbekiston fuqarosi Raxmatillo Ibadov ekani tasdiqlandi, deb bildirdi O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulxonasi.

Bosh konsulxona 27-fevral kuni Istanbul shahrining Kadikoy tumanidagi dengiz sohilidan topilgan jasad O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotgani to‘g‘risida bildirgan edi.

“Raxmatilloning yaqin qarindoshlari topilib, DNK testi olishga erishildi. Natijada jasad Ibadov Raxmatilloga tegishli ekanligi aniqlanib, 8-mart kuni qarindoshlari tomonidan “Istanbul-Samarqand” samolyoti orqali O‘zbekistonga olib ketildi”, deyiladi rasmiy bildiruvda.

Ayni paytda O‘zbekiston fuqarosining o‘limiga nima sabab bo‘lgani va bu borada qay tarzda tergov ishlari olib borilayotgani to‘g‘risida hech qanday maʼlumot berilmagan.

So‘nggi marta ommaviy axborot vositalarida 2019-yilning 30-mayida Istanbulning Go‘ztepe mahallasida gilamga o‘ralgan o‘zbekistonlik ayol jasadi topilgani xabar qilingan edi.

O‘sha yilning 31-may kuni esa Istanbulning Chekmekoy mavzesida namanganlik 31 yoshli Odiljon Hamzayev pichoqlab ketilgan va xabarlarda uning voqea joyida o‘lgani aytilgan edi.

Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, mazkur jinoyatda gumonlanib O‘zbekiston fuqarosi Sh.S. qo‘lga olingan.

Fikr bildirish

Latest from Blog