Isroil va HAMAS o‘rtasida Qatardagi muzokaralar davomida G‘azo sektori bo‘yicha kelishuvga prinsipial ravishda erishilganini The Times of Israel arab amaldorlariga tayanib xabar berdi.
«Isroil va HAMAS dushanba kuni kechqurun garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga prinsipial ravishda erishdi», — deb yozadi gazeta.
Manbalarning ta’kidlashicha, kelishuv haqida chorshanba yoki payshanba kuni e’lon qilinadi. Bu Qo‘shma Shtatlar, Qatar va Misr tomonidan qo‘shma bayonot shaklida amalga oshiriladi. Ushbu davlatlar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilgan.
Delegatsiyalar Dohada kelishuv tafsilotlarini muhokama qilishda davom etmoqda. Hal etilishi kerak bo‘lgan asosiy masalalardan biri Isroil armiyasining G‘azodan chiqib ketish parametrlaridir. Vositachilar Isroildan armiyaning chiqib ketish hududlarini ko‘rsatadigan xaritani kutmoqda.
Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha yangi ma’muriyatining bo‘lajak maxsus vakili Stiv Uitkoff shanba kuni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan bo‘lib o‘tgan keskin uchrashuvda bosh vazirga murosaga borish uchun zarur bo‘lgan bosimni o‘tkazgan.
Arab amaldorlaridan biri The Times of Israel nashriga Uitkoff birgina uchrashuvda Netanyaxuni Bayden ma’muriyati o‘tgan yil davomida erishganidan ko‘ra ko‘proq yon berishga majbur qilgani haqida aytgan.