2018-yil 12-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida P.Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining 2-bosqich o‘quvchisi, marhum Jasurbek Ibrohimov ishi bo‘yicha ayblanuvchining apellyatsiya murojaati ko‘rib chiqildi. Sud xulosasiga ko‘ra, Islombek To‘laganovga tayinlangan avvalgi sud hukmi o‘z kuchida qoldirildi, deb yozmoqda «Kun.uz».
To‘laganovning ikki advokatining fikricha, J.Ibrohimov olgan jarohatlari tufayli emas, balki kerakli tibbiy muolajaning o‘z vaqtida ko‘rsatilmagani sababli vafot etgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, agar marhumga kasalxonaga tushgan birinchi kunda jarrohlik amaliyoti qilinganida tirik qolgan bo‘lardi. Bundan tashqari, advokatlar ilk kunlari bemorga kuchli ta’sir qiluvchi og‘riqsizlantiruvchi dorilar qo‘yilganiga e’tibor qaratishgan.
I.To‘laganovning otasi A.Rasulov o‘z o‘g‘lini to‘liq oqlab, mushtlashuvda Islombekning o‘zi ham jabrlanganini aytdi va o‘g‘li jinoyatni amalga oshirish chog‘ida voyaga yetmagan bo‘lganligiga sud e’tiborini qaratdi.
J.Ibrohimovning buvisi o‘z navbatida sudda ko‘rsatmalar berib, Mirobod tuman sudi faqat bir kishini aybdor deb topgani, mash’um mushtlashuvning qolgan ishtirokchilari guvohlar sifatida so‘roq qilingani sababli adolatsiz qaror chiqarilganini aytdi. Shunga binoan, guvohlar va I.To‘laganovning oilasi qanday talafot ko‘rganini taqqoslash noo‘rin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqib, hukmni o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Sudyaga ko‘ra, To‘laganovning advokatlari taqdim etgan dalillar birinchi instantsiya sudi hukmini o‘zgartirish uchun yetarli darajada jiddiy emas. Shu bilan birga, ishda bir qancha ziddiyatlar topilgani bois, J.Ibrohimov yotgan ba’zi tibbiyot muassasalari shifokorlarining xatti-harakatlariga nisbatan prokuror tekshiruvi belgilandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi 2017-yil 30-oktabrda P.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan Islombek To‘laganovni olti yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.