Islom To‘laganovning ikki advokati uni ozod qilishni so‘radi

Borovskiy nomida tibbiyot kollejining marhum talabasi Jasurbek Ibrohimov o‘limi bo‘yicha olib borilayotgan sud eshituvlari yakuniy bosqichga kirdi. Ushbu ishni ko‘rib borayotgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudi sudyasi Matchonboy Matchonov 30-oktabr kuni o‘z hukmini o‘qiydi. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.

Foto: “Kommersant.uz”

27-oktabr kungi sud majlisida jabrlanuvchi nomidan ishtirok etayotgan Nilufar Aliyeva, uning advokati Lola Ismoilova, sudlanuvchi Islombek To‘laganovning advokatlari Y.Ibrohimov, F.Tohirov mazkur ish bo‘yicha o‘z xulosalarini taqdim qilishgan.

Nilufar Aliyeva hamda advokat Lola Ismoilova o‘z ko‘rsatmalarida tergov jarayoni va sud majlislarida o‘zlari qayd qilgan bir-biriga zid bo‘lgan jihatlarni ma’lum qildi hamda jinoiy ishni guruh bo‘lib o‘limga olib kelgan tan jarohati yetkazish, deya qayta tavsiflashni so‘rai. Nilufar Aliyeva hamda Lola Ismoilova prokurorning sudlanuvchiga 6 yil muddat so‘ragani, uning sud jarayonida ishtirok etgan guvohlar ko‘rsatmalarida ayrim mos kelmagan jihatlarga e’tibor bermaganini ta’kidladi. Ular suddan odil hukm chiqarishni so‘radi.

Sudlanuvchi Islom To‘laganovning advokatlari F.Tohirov va Y.Ibrohimov Jasurbek ishida o‘z himoyasidagi shaxsning aybi kamligini, ya’ni uning Jasurbekka tan jarohati yetkazish yoki uni qasddan o‘ldirish niyati bo‘lmagani, bundan tashqari, jinoyatni sodir etgan vaqtda voyaga yetmagani, asosiy aybdor tomon o‘z vaqtida aniq tashxis qo‘ymagan va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazmagan tibbiyot xodimlari ekanini e’tiborga olgan holda Islombek To‘laganovni jazodan ozod qilishni so‘rashdi.

Shundan so‘ng, sudlanuvchi Islombek To‘laganovga so‘nggi so‘z berildi. U jabrlanuvchining ota-onasidan uzr so‘ragan holda bo‘lgan fojiadan afsusdaligini bildirdi hamda advokatlari fikriga qo‘shilishini aytdi.

Sudya Matchonboy Matchonov 30-oktabr kuni yakuniy hukm o‘qilishini bildirdi.

Latest from Blog