Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda rusiyzabon kishi “Alisa”ga qoʻngʻiroq qilib, musulmonlar Yangi yilni bayram qilishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida soʻragani, “Alisa” bunga hadislardan misollar keltirib javob bergani borasidagi ovozli qayd tarqaldi.
Bu ovozli qayd aksariyat moʻmin-musulmonlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi. Nega? Chunki muqaddas Islom dinining asosini odob tashkil etadi. Bunga oyati-karimalar va hidisi-shariflardan istalgancha dalil keltirish mumkin. Dinimizda har bir savolga javob bor. Har bir masalaning fatvosi berilgan. Hatto savol soʻrashning ham oʻziga yarasha odoblari, tartib-qoidalari bor.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan oʻsha savol-javob dinimizning qaysi jihatlariga toʻgʻri keladi? Nega shuncha ulamolar turib, aynan “Alisa”dan Islom dinida Yangi yilni nishonlash mumkin yoki emasligi haqida soʻraldi? Bu savol nima maqsadda soʻraldi va nega aynan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi?
SAVOL KIMDAN SOʻRALADI YOKI FATVO BERISHGA KIM HAQLI?
Diniy savollar, fatvolar ilmli, taqvoli va adolatli kishidan soʻraladi. Bu haqda mashhur hanafiy faqih Ibn Obidin “Raddul Muhtor” kitobida: “Fatvo ahli ijtihod va adolat bilan tanilgan va odamlar uni ulugʻlab, fatvo soʻrab turgan kishidan soʻraladi. Agar ijtihod va adolatdan birortasi boʻlmasa, fatvo soʻralmaydi”, degan.
Shu bilan birga, dinimizda savol beruvchiga quyidagi ishlar taqiqlanadi:
- koʻp savol soʻrash;
- dinda foydasi yoʻq narsalarni soʻrash;
- voqelikda yoʻq narsani soʻrash;
- savolda haddan tashqari chuqur ketish;
- boshqalardan ustun kelish uchun qaysarlik ila soʻrash;
- bir olimdan soʻragandan keyin boshqasidan yana oʻsha savolni soʻrash;
- yengil fatvo beradigan odamni izlab topib soʻrash va hokazo…
Dinimiz gʻoyat goʻzal. Masalaning faqat bir jihatini emas, balki hamma tomonini hisobga olgan. Yaʼni faqat savol beruvchiga emas, balki javob beruvchi (Fatvo beruvchi)ga ham muayyan majburiyatlarni yuklagan.
Fatvo beruvchida quyidagi sifatlarga ega boʻlishi shart:
- muxlis, taqvodor musulmon boʻlishi;
- aqlli boʻlishi;
- balogʻatga yetgan boʻlishi;
- adolatli boʻlishi (yaʼni shariat koʻrsatmalaridan chiqmaydigan boʻlishi. Chunki fatvo Alloh taoloning hukmi haqida xabar berishdan iborat. Fosiqning xabari din sohasida qabul emas).
- ijtihod (Imom Shofeʼiy bu haqda quyidagilarni aytgan: “Faqat quyidagilarni oʻzida jamlagan kishigina Allohning dinida fatvo berishi mumkin: Allohning Kitobini, uning nosixi va mansuxini, muhkami va mutashobihini, taʼviyli va tanziylini, makkiysini va madaniysini yaxshi bilgan boʻlishi va undan nima iroda qilinganini ham bilishi kerak. Soʻngra Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hadislarini chuqur oʻzlashtirgan boʻlishi kerak. Hadisdan ham Qurʼondan bilgan narsalarni bilmogʻi lozim. Arab tilini va sheʼriyatini yaxshi bilmogʻi kerak. U narsalarni insof ila ishlatishi shart. Turli diyor ulamolarining ixtiloflarini ham anglab yetgan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, oʻtkir zehnli boʻlmogʻi ham kerak. Ana shundagina gapirishi va halol hamda haromdan fatvo berishi mumkin. Boʻlmasa, jim tursin”.
Shu oʻrinda bir mulohaza. Biror joyni qidirib yoʻlga chiqsagu, biroq borar yerimizdan adashsak, duch kelgandan odamdan, hatto yoʻl boʻyidagi pistachidan ham, tilanchidan ham borar manzilimizni soʻrayveramiz. U qayerni koʻrsatsa, shu yoqqa intilamiz: oʻng desa, oʻngga; soʻl desa, soʻlga burilamiz. Manzilni tezroq topib olish ilinjida soʻzsiz uning gaplariga itoat etamiz.
Lekin diniy sohada biror-bir savol tugʻilsa, nega yurtimiz ulamolari saylab qoʻygan Muftiy hazratlarining fatvolariga, butun Islom olami eʼtirof etgan alloma Shayx hazratlarining javoblariga shubha bilan qaraymiz.
Nafsimizga ergashib, koʻpning ketidan qolmasdan dinimizga aloqasi boʻlmagan qayoqdagi “Alisa”larning Yangi yil haqidagi gaplariga quloq tutamiz, ularning yoʻrigʻiga yuramiz… Axir, Alloh taolo bizni hayvondan aqlimiz bilan farqladi-ku! Nahotki, tafakkur qilmaymiz, kallamizni ishlatmaymiz?!
YANGI YIL QANDAY BAYRAM?
Har doim milodiy yil poyoniga yetayotganda, moʻmin-musulmonlar orasida bir savol – “Yangi yil qanday bayram?” takrorlanaveradi. Bu savolning javobini koʻp marta eshitganmiz.
Har bir sananing, bayramning oʻziga yarasha tarixi bor. Shu jumladan, Yangi yilning ham. Yangi yil Rimda Yuliy Sezar tomonidan joriy etilgan. Keyinchalik bu bayram asta-sekin Rimga tobe xalqlar orasida tarqalib, qadriyat sifatida shakllana borgan. Shu tariqa Yunoniston, Misr, Yaqin sharq mamlakatlari va Yevropaning janubiy hududlarida keng yoyila borgan.
Maʼlumotlarga koʻra, xalqimizda bu bayram 19 asrdan nishonlana boshlangan. 1947-yilda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining qarori bilan 1-yanvar kuni bayram kuni deb eʼlon qilingach, Oʻzbekistonda Yangi yil rasman nishonlana boshlangan.
XX asrning ikkinchi yarmida esa Yangi yil deyarli har bir xonadonda, tashkilotlarda keng nishonlanishi kuzatiladi.
1991-yilda Oʻzbekistonda mustaqillik eʼlon qilingach ham Yangi yil bayrami rasmiy bayram sifatida saqlab qolindi.
Koʻpchilik moʻmin-musulmon yurtdoshlarimiz Yangi yilni bayram qilmaslik kerak, u boshqa din vakillarining bayrami, deyishib dalil sifatida Paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamning “Kim biror qavmga oʻxshasa, u oʻshalardandir” (Imom Ibn Moja rivoyati), degan hadisni keltiradilar.
Aslida-chi: aslida ham shundaymi?
Moʻmin farosatli, har bir masalaning mohiyatiga eʼtibor qaratadigan, har bir ishdan ezgulik va savobni koʻzlaydigan kishidir. Shunday ekan, yil poyonida bir yillik faoliyatni sarhisob qilish, kamchiliklardan xulosa chiqarib, muvaffaqiyatlarga shukrona keltirish, Yangi yilda yangi rejalarni tuzib olish maqsadida shukrona dasturxoni yozishning nimasi yomon?!
Yoki yilning istalgan sanasida xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, Xudo bergan kuni mast qiluvchi ichimliklar ichib, ogʻziga kelgan soʻzni soʻzlab, hammaning asabiga tegib yurishni dinimiz qattiq va qatʼiy qoralaydi. Demak, har bir narsa niyat va maqsadga bogʻliq. Bejiz moʻtabar va ishonchi hadis kitoblarida birinchi hadis: “Har bir amal niyatlarga koʻradir”, deb boshlanmagan.
YANGI YILDAN “ROJDESTVO”NING FARQI NIMADA?
Koʻpchilik Yangi yil rimliklar ilohi Yanus sharafiga joriy etilganini bilishmaydi. Aksincha, bu bayram nasroniylarniki ekanini biladilar. Haqiqiy nasroniylar bu bayramni rasman nishonlamaydi, bu bayramga qarshi chiqqanlar.
Nasroniylar nishonlaydigan bayram “Rojdestvo”dir. Unda Iso alayhissalom tugʻilgan kun bayram qilinadi. “Rojdestvo” yangi taqvim boʻyicha katoliklar va protestantlarda 25-dekabrda, Rus, Serb, Arman-grigoryan, sharqiy katolik cherkovlarida esa yulian taqvimi boʻyicha 25-dekabr – yangi grigorian taqvimi boʻyicha 7-yanvarda nishonlashadi.
“Rojdestvo”ni nishonlash musulmon kishiga toʻgʻri kelmaydi. Lekin soniyalarni, daqiqalarni, soatni, kunni, oyni, yilni, asrni aylantiradigan xristianlar emas, Iso Masih ham emas, balki xristianlarni ham, Iso alayhissalomni ham, musulmonlarni ham yaratgan Alloh taolodir!
ARCHA BEZATISH MUMKINMI?
Yangi yil uchun archa bezatish odatini hayotga tatbiq qilgan inson germaniyalik Martin Lyuterdir. Uzoq muddat safarda yurib, bayram arafasida yarim tunda uyiga qaytgan Martin oila aʼzolariga “syurpriz” taqdim qilish maqsadida “abadiyat daraxti” nomi berilgan daraxtni olib keladi. Uni bezatishadi, chiroqlar qoʻyishadi va bu ish koʻpchilikka manzur boʻladi.
Aslida archani bezatish diniy nuqtayi nazardan emas, balki sogʻliq jihatidan foydalidir. Chunki archa nafaqat sogʻliq, ayni paytda yogʻoch oʻymakorligi, naqshlar solish, eshik-derazalar yasashda ham keng qoʻllaniladi. Archada sogʻliq uchun foydali omillar bisyor. Misol uchun, archada efir moyi, qatron, qand, mum va organik kislotalar koʻp. Archa qubbasining damlamasida siydik haydovchi, balgʻam koʻchiruvchi va ovqat hazm qiluvchi xususiyatlar bor. Shu nuqtayi nazardan bolalarning yaqin yoʻlashi uchun archaga turli oʻyinchoqlar, shirinliklar ilib qoʻyiladi. Maqsad bolalar archa atrofida oʻynashib, uning sogʻliq uchun foydali mikroelementlaridan bahra olishidir.
Nafas olish yoʻllarida shikoyati bor biror tanishimiz sihatgohda davolanayotgan boʻlsa, ziyorat qilgani borganimizda, sihatgoh atrofida turli archalarning baravj oʻsayotganiga guvoh boʻlganmiz. Shu archalarning atrofga taratayotgan xushboʻy hidlaridan bahramand boʻlganmiz.
Mutaxassislarning aytishicha, bir gektar maydonga oʻtqazilgan archa daraxtlari bir kunda butun boshli shaharning havosini tozalab berish xususiyatiga ega ekan.
XULOSA
Yangi yil bayramini nishonlash har kimning oʻz ixtiyoriga havola etiladi. Ezgu niyatda, dinimiz koʻrsatmalariga mos, poyoniga yetgan yilni sarhisob qilish, yangi yil uchun yangi rejalar tuzib olish maqsadida oila davrasida shukrona dasturxoni yozishning zarari yoʻq. Lekin Alloh taolo harom qilgan narsalarni isteʼmol qilish, shariatimiz koʻrsatmalariga zid ishlarni bajarish nafaqat muayyan sanalar, bayramlar arafasida, balki hech qachon mumkin emas.
Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari