“Ishingni epla, Mironov” – “Yuksalish” raisi rus siyosatchisini tanqid qildi

31-may kuni «Справедливая Россия» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov Dumadagi chiqishida Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan turib qatnashmoqchi boʻlgan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolarining oʻz davlatlarida jinoiy javobgarlikka tortilishini “absurd” deb atadi.

U, jumladan, Twitter sahifasida shunday yozadi:

“Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi. Agar ushbu mamlakatlar fuqaroligiga ega boʻlgan rus millatiga mansub kishi oʻz tarixiy vataniga yordam berishga va “Ukrainaga qarshi maxsus operatsiya”ga borishga qaror qilsa, u qamoqqa yuboriladi. Bu bemaʼnilik! Biz bu masalani davlatlararo darajada hal qilishni taklif qilamiz!”

Oʻz navbatida, uning bu chiqishiga “Yuksalish” UMH raisi Bobur Bekmurodov javob qaytarib unga oʻz “ishlari” bilan shugʻullanishni maslahat berdi.

“Bizningcha, Mironov bu masalaga salbiy munosabat bildirgandan koʻra, oʻz qonunchiligi bilan ishlagani maʼqul”, deydi Bekmurodov.

U, shuningdek, yollanganlik uchun jinoiy javobgarlik Rossiya qonunchiligida ham borligini, Oʻzbekistonning tashqi siyosati esa boshqalar bilan birga kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik prinsipiga asoslanishini eslatadi.

“Oʻzbekiston suveren mamlakat va biz geosiyosiy va ayniqsa boshqa davlatlardagi harbiy vaziyatga qarab qonunchiligimizni moslashtiradigan, boshqalar uchun qulay qonunlar qabul qiladigan davlat emasmiz.

Oʻzbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi”, deydi Bobur Bekmurodov.

Fikr bildirish

Latest from Blog