Yangi tashkil etilgan Innovatsion rivojanish vazirligi Toshkentdagi Talabalar shaharchasida quriladigan Innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazida joylashadi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Yangi markazda — ilmiy-konsultativ, iqtisodiyot tarmoqlari innovatsion ehtiyojlarini oʻrganish, yoshlar innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy taʼlim kurslari yoʻlga qoʻyiladi.
Undan tashqari iqtidorli yoshlar bu yerda yangi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida start-ap loyihalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.
“Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi. Bu sohadagi oʻzgarishlarni xalqimizga keng targʻib qilmasak, odamlarda koʻnikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam boʻlolmaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev yangi markaz loyihasi bilan tanishish jarayonida.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi prezident farmoni bilan 2017-yil 29-noyabrda tashkil etilgan edi.