//

Ilon Mask Twitter xodimlarining 50 foizini ishdan bo‘shatmoqchi

Foto: zensovet.ru

28 oktyabrdan Twitter kompaniyaning to‘laqonli xo‘jayiniga aylangan milliarder Ilon Mask ijtimoiy tarmoq xodimlaridan 50 foizini ishdan bo‘shatishini bildirdi.

Bloomberg agentligining bildirishicha, Twitter shirkatida jami 7,5 ming ishchi ishlaydi. Ulardan 3 ming 700 nafardan ko‘prog‘i bo‘shatiladi. Ilon Mask buni shirkat harajatlarining juda kattaligi bilan izohlagan.
SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask 28 oktyabr kuni rasman Twitter tarmog‘ini 44 milliard dollarga sotib olishni yakunladi va kompaniyaga rahbarlik qilishga kirishdi.

Reuters agentligining xabar berishicha, Mask Twitter ijrochi direktori Parag Agraval, moliya direktori Ned Sigal, huquqiy masalalar bo‘yicha rahbar Vidjay Gadde va kompaniyaning bosh yuridik maslahatchisi Shon Edjettni ishdan bo‘shatdi. Mask ularni o‘zini va investorlarni platformadagi feyk akkauntlar to‘g‘risida noto‘g‘ri maʼlumot berib chalg‘itganlikda aybladi. Mask yangi rahbariyatni shakllantirmaguniga qadar kompaniyani o‘zi boshqarib turishi kutilmoqda.

27 oktyabrda Mask Twitter shtab-kvartirasiga kirib kelishi videosini eʼlon qilgan edi. U, shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi statusini Chief Twit, yaʼni tvitlar shefi deb o‘zgartirdi.

Fikr bildirish

Latest from Blog