Davlat statistika qoʻmitasi 2022-yilning yanvar-fevral oyidagi eksport va import tarkibi boʻyicha xabar berdi.
2022-yilning birinchi ikki oyi davomida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 8 mlrd 731,3 mln AQSH dollariga teng boʻlib, 2021-yilning mos davriga nisbatan 4,01 mlrd dollarga yoki 84,9% ga koʻpaydi.
Eksport hajmi 4,1 mlrd dollarga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 173,2% ga koʻpaydi. Yanvar-fevral oylarida Oʻzbekiston eksportining asosiy qismini oltin eksporti tashkil etgan — 2 mlrd 361 mln dollar (eksport hajmining 57,7 foizi).
«2021-yilning yanvar-fevral oylarida oltin eksporti amalga oshirilmagan edi. Oltinsiz eksport oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda qariyb 20% ga oʻsgan. Oltin eksportini hisobga olmasak, import hajmining eksportdan tezroq oʻsayotganligi yaqqol koʻrinadi», — deya izohladi ushbu holatni iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.
Shuningdek, 1 mlrd 386 mln dollarlik tovarlar va 348,5 mln dollarlik xizmatlar chet davlatlariga eksport qilingan. Asosiy eksport tovarlari — meva-sabzavot, toʻqimachilik, rangli metallar eksporti barqaror oʻsishda davom etmoqda. Gaz eksporti oʻtgan yil tegishli davri koʻrsatkichlarida davom etgan boʻlsa, avtomobillar eksporti 2,5 barobarga qisqarib ketgan.
Import 4,6 mlrd dollarni tashkil qilib, 2021-yilning mos davriga nisbatan 43,9% ga koʻpaydi. Import tarkibining katta qismini tovarlar egallagan — 4 mlrd 330 mln dollar. Ushbu davrda 304,6 mln dollarlik xizmatlar ham import qilingan.
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (34,1%), sanoat tovarlari (19,8%) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (13,0%) hisobiga toʻgʻri keldi. Avtomobillar importi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 7,1 barobarga koʻpaygan. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, neft va neft mahsulotlari importi yuqori surʼatda oʻsishda davom etmoqda.
Hisobot davrida passiv tashqi savdo balansi qayd etilib, 538,4 mln dollarni tashkil etgan.
Tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega boʻlgan davlatlar:
- Xitoy — 1 mlrd 358 mln dollar (310,5 mln dollar eksport, 1 mlrd 48 mln dollar import);
- Rossiya — 1 mlrd 252 mln dollar (346,8 mln dollar eksport, 905,2 mln dollar import);
- Qozogʻiston — 620,1 mln dollar (141,7 mln dollar eksport, 478,5 mln dollar import);
- Turkiya — 521,2 mln dollar (238,4 mln dollar eksport, 282,8 mln dollar import);
- Koreya Respublikasi — 401,5 mln dollar (5,7 mln dollar eksport, 395,7 mln dollar import);
- Germaniya — 176,1 mln dollar (13,8 mln dollar eksport, 162,3 mln dollar import);
- Qirgʻiz Respublikasi — 140,7 mln dollar (115 mln dollar eksport, 25,7 mln dollar import);
- Ukraina — 114 mln dollar (36,1 mln dollar eksport, 77,9 mln dollar import);
- Tukrmaniston — 108,8 mln dollar (18,8 mln dollar eksport, 90 mln dollar import);
- Hindiston — 98 mln dollar (5,6 mln dollar eksport, 92,4 mln dollar import).
Deyarli barcha yirik savdo hamkorlari bilan savdo hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oshgan boʻlsa, Turkmaniston, Litva va Italiya bilan savdo hajmi pasaygan.
Tashqi savdo aylanmasi tarkibida eng yuqori ulushni Toshkent shahri 31,2% ulush bilan 2 mlrd 727 mln dollarni, eng quyi ulushni esa Surxondaryo viloyati 0,8% ulush bilan 67,1 mln dollarni tashkil etdi.