Ijtimoiy fikr: Tadbirkorlar va fermerlar tamagirlardan aziyat chekmoqda

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi doirasida fuqarolarning ushbu illatga munosabatini o‘rgandi. Bu haqda «Xalq so‘zi» gazetasi xabar bermoqda.

Foto: mandiner.hu

Respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi, ya’ni 91,8 foizi korruptsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, korruptsiyaga yo‘l ochuvchi shart-sharoitlar hamda sabablarni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholaydi. So‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlarni «yetarli darajada muvaffaqiyatli» deb biladi.

Jamoatchilik fikri tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi yilda korruptsiyaga qarshi kurashishda ijobiy tendentsiya kuzatilyapti, deb hisoblaydigan fuqarolar soni 9,3 foiz ortgan. Ko‘pchilik buni davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlayotgan O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari instituti joriy qilinishi bilan bog‘lamoqda.

Respondentlarning 65,8 foizi korruptsionerlarning katta qismi qilgan jinoyatlari uchun, albatta, jazosini olishiga ishonchi komil ekanligini bildirgan.

O‘zbekistonliklarning 41,3 foizi davlat, huquq-tartibot, boshqaruv va nazorat organlari korruptsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashishda jamiyat va uning fuqarolik institutlari bilan yaqin hamkorlikda, ushbu institutlarning faol va bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilangina yuqori samaraga erishishi mumkin, deb hisoblaydi.

So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi fikricha, davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada. Qolgan qismi esa o‘rtacha yoki past, deb baholagan. Bu natijalar mazkur sohada ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash zarurligini ko‘rsatmoqda.

«Oilangiz a’zolari yoki yaqinlaringiz hayotida korruptsiya bilan bog‘liq hodisa sodir bo‘lganmi?». Ushbu savolga respondentlarning aksariyati salbiy javob berdi. Ammo suiiste’molliklarga duch kelganlar ham kam emas. Ushbu muammoga yo‘liqqan respondentlar orasida qishloq aholisiga qaraganda shaharliklar soni bir oz ko‘pchilikni tashkil etdi.

Respondentlarning ko‘pchiligi yaqinlaridan mansabdor shaxslar pora talab qilgani bilan bog‘liq hodisalardan xabardor ekanini aytgan. Ularning 8,4 foizi qarindoshlari yoki tanishlari o‘zlari pora taklif etganini ta’kidlashsa, 6,8 foizi ularning yaqinlariga pora taklif qilinganini bildirgan. Respondentlarning 3,4 foizi esa ularning qarindoshi yoki do‘sti pora olish bilan shug‘ullanganini tan olgan.

So‘rov natijalariga qaraganda, tadbirkorlar, fermerlar, yakka tartibda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar tamagirlikka eng ko‘p duch kelgan. So‘nggi paytlarda bunday noqonuniy hatti-harakatlardan voz kechib, o‘z muammolarini qonuniy yo‘l bilan hal etishni ma’qul ko‘rayotgan fuqarolar soni tobora ortib bormoqda.

Fikr bildirish

Latest from Blog