O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Akademiyasida ayni paytda vazirlik tuzilmalarida faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun sirtqi bo‘lim ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 10-aprel kuni imzolangan «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta`minlashda ularning mas`uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Akademiyada kelgusi o‘quv mavsumida qabul kvotalari sezilarli darajada oshirilishi mumkin. Bu orqali soha vakillarining professional tayyorgarlik ko‘rishi va ta`lim olishiga imkoniyat paydo bo‘ladi.
Bunday o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtida ham amalga oshiriladi. Bu o‘quv yurtida «Jazoni ijro etish xizmati faoliyati», «Post-patrul xizmati faoliyati», «Qo‘riqlash xizmati faoliyati» mutaxassisliklarini o‘z ichiga oluvchi fakultet tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, «Kadrlar bilan ishlash faoliyati», «Ichki ishlar organlarining saf bo‘limlari boshqarmasi», «Ishlab chiqarish va moliyaviy ta`minotni tashkillashtirish» kabi fakultetlar ta`sis etiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Ichki ishlar organlari mamlakat fuqarolarini xizmatga qabul qilishi haqida xabar berilgan edi.
Vazirlik o‘z safiga Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turib, istiqomat qiluvchi, o‘rta, o‘rta-maxsus, va oliy ma`lumotga ega bo‘lgan, Qurolli kuchlar safida muddatli, bir oylik yoki oliy o‘quv yurtining harbiy kafedrasida tahsil olgan hamda ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xizmatga qabul qilishini ma`lum qilgan.