O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan 29-yalpi majlisida «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi va «Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi qonunlariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi.
Senat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, endilikda qonun bilan Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari har chorakda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga hisobot beradi.
Bundan tashqari, tuman, shahar ichki ishlar bo‘linmalarining boshliqlari — har chorakda, ularning o‘rinbosarlari — har oyda, mahalla huquq-tartibot punktlarining profilaktika katta inspektorlari — har olti oyda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hisob beradi.
Qolaversa, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunga mahalla huquq-tartibot maskani to‘g‘risidagi norma kiritilmoqda. Bunda mahalla huquq-tartibot punktlari ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzilmasi hisoblanishi belgilanmoqda. Ular jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari hamda jamoat tuzilmalari bilan mahallalar kesimida hamkorlikda ishlaydi.
Mazkur qonun «ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi, shuningdek ularning faoliyatini xalq vakillari tomonidan nazorat qilib borish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi, qolaversa, ichki ishlar organlarining xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga va ularning o‘zaro foydali hamkorligini kengaytirishga, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligi sohasida ko‘rilayotgan choralar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi», deyiladi xabarda.