Hind kinosi yulduzi Saif Ali Xon o‘z uyida pichoqlab ketildi

© indiatimes.com

Bollivud yulduzi Saif Ali Xon uyiga o‘g‘ri kirib, unga pichoq bilan hujum qildi. Aktyor og‘ir tan jarohatlar bilan Hindistonning Mumbay shahrida kasalxonaga yotqizildi.

Voqea 16-yanvarga o‘tar kechasi, aktyor va uning rafiqasi — aktrisa Karina Kapur Xon hamda ularning 7 va 3 yoshli o‘g‘illari uxlab yotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Bolalar va Karina Kapurga zarar yetmagan.

“Kecha kechqurun noma’lum shaxs aktyor Saif Ali Xonning uyiga kirib, uning xizmatkori bilan urishgan, buni eshitgan aktyor aralashib, erkakni ajratmoqchi bo‘lganda u pichoq bilan hujum qilib, unga tan jarohatlari yetkazgan. Tergov ishi qo‘zg‘atilib, politsiya jinoyatchini qidiruvga bergan”, deyiladi Mumbay politsiyasi bayonotida.

Aktyorning yaqinlari uning uyida o‘g‘rilik qilishga urinish sodir bo‘lganini aytishgan. Mumbay kasalxonasi ma’lumot berishicha, Ali Xonga olti marta umurtqa pog‘onasi va bo‘yniga pichoq sanchilgan. Hozirda uning uyida ishlagan uch nafar xodim so‘roq qilinmoqda, ulardan biri ham voqea joyida jarohat olgan.

1993-yildan beri Saif Ali Xon 60 dan ortiq filmlarda, jumladan, Uilyam Shekspirning “Otello” asariga moslashtirilgan “Omkara” filmi, “Muqaddas o‘yinlar” serialida suratga tushgan. U “Muhabbat kecha va bugun” melodramasi, “Agent Vinod” trilleri va “Goaga borib kelamiz” komediyasiga prodyuserlik qilgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog