Olimlarning aniqlashiga qaraganda haydovchisiz avtomobillar farovonlikni oshirish bilan birga iqtisodiy jihatdan ham samarali bo‘ladi. Taqdqiqot haqida Carzone avtoportali nashr qildi.
Rivojlangan mamlakatlar aholisi avtonom avtomobillarga shubha va cho‘chish bilan qaraydi. Ammo Buyuk Britaniyaning avtomobil ishlab chiqaruvchilar va avtodilerlar Jamiyati (SMMT) o‘tkazgan tadqiqot shubhalanishga asos yo‘qligini ko‘rsatdi.
Tadqiqot doirasida 3400dan ortiq avtomobilchining haydovchisiz mashinaga munosabati so‘raldi. Ishtirokchilarning ko‘pchiligi avtonom transport vositasi turmushni yaxshilashi haqidagi fikrga qo‘shildi. Umumiy hisobda 57 foiz haydovchi bu fikrni ma’qullagan bo‘lsa, yoshlar orasida bu ko‘rsatkich 71 foizgacha chiqdi.
Respondentlar haydovchisiz avtomobilning ijobiy taraflarini sanab o‘tdi. Haydash vaqtidagi hayajonning kamayishi, uzoq safar mobaynida hordiq chiqarish imkoniyati, YTHlarning kamayishi, sug‘urta narxining pastlashi, shuningdek, istalgan vaqtda yo‘lga tushish mumkinligi avtonom avtomobillarning afzal jihatlaridir.
Bundan tashqari haydovchisiz avtomobillar iqtisodiy o‘sishga turtki berishi ma’lum bo‘ldi. Qanday qilib deysizmi?
Yoshlar uchun transport narxi ahamiyatliligi sir emas. So‘ralganlarning 43 foizi jamoat transporti juda qimmatligini bayon qilgan bo‘lsa, boshqa bir qismi avtomobil narxi oshib ketganligini bildirgan. Endi haydovchisiz avtomobilga o‘tirib uzoqroq masofaga borish mumkinligiga e’tibor beraylik. Qolaversa, u kam yonilg‘i sarflaydi. Bundan tashqari, karshering xizmatidan foydalansangiz, mashinani tasarruf etish chiqimlaridan xoli bo‘lasiz. Natijada bu transportga kam ta’minlangan fuqarolar ham o‘tiradi. Chekka joylardagi odamlarning uzog‘i yaqin bo‘lib, o‘qishi va ishlashi osonlashadi. Masalan, Britaniyaning o‘zida avtonom avtomobillar bir million fuqaroga oliy ma’lumot olishda yordamlashishi mumkin. Oliy ma’lumotli kishilar ko‘proq maosh oladi va bu iqtisodiyot o‘sishiga olib keladi.
SMMT hisob-kitobiga binoan, haydovchisiz avtomobillar ko‘payishi natijasida 2030-yilga borib Britaniya iqtisodiyotiga 51 mlrd funt (63,7 mlrd dollar) qo‘shiladi.
“O‘zaro tarmoq yordamida bog‘langan haydovchisiz avtomobillarning ustunligi ro‘y-rost ko‘rinib turibdi. Ular odamlarga ko‘proq erkinlik, ijtimoiylashuv va yuqori ish haqi taqdim etib, shuningdek, hammabop xizmati bilan turmushni o‘zgartiradi”, deydi SMMT ijrochi direktori Mayk Xeyvs. U endi mazkur texnologiyani ommalashtirishga ko‘maklashadigan shart-sharoit yaratish muhimligini aytib o‘tdi.