Haj safarining narxi oshadimi?

Saudiya Arabistonida haj xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar tariflari ko‘tarilishi munosabati bilan 2018-yildan ziyorat qilish narxlari oshirilishi mumkin. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Korrespondent Uzbekistan 93
Foto: Sputnik

Joriy yildagi umra safari bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Umra safari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 150 o‘rin ajratilgan. Haj safari esa kuz oylarida bo‘ladi. Shu munosabat bilan shahar va tumanlarda mahalla (ovul) fuqarolar yig‘inlari oqsoqollari va ularning maslahatchilari, masjid imom-xatiblariga safar qilish niyatidagi har bir nomzod bilan suhbat o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi qaroriga asosan haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, avval haj safariga bormagan fuqarolar, 45 yoshdan katta yoshdagi ayollar nomzod haqida jamoatchilik yaxshi fikr bildirsagina safarga borishi mumkin. Nomzod moddiy va jismoniy jihatdan haj safariga qodir, diniy bilimga ega, ma’naviyati va ma’rifati bilan jamiyatda obro‘ga ega bo‘lishi zarur. Umra safariga esa so‘nggi 5 yil davomida haj va so‘nggi 2 yilda umra safariga bormagan fuqarolar yuqoridagi shartlar asosida yuboriladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi ma’lumotlariga qaraganda, umra va haj safarlariga borish niyatida 2035- yilgacha navbatda turgan fuqarolar bor. Lekin safar narxlarining oshishi sababli nomzodlar soni kamaymoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ijtimoiy va diniy tashkilotlar bilan aloqalar masalalari kotibiyatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yil haj safariga borish narxi oshishi mumkin.

Fikr bildirish

Latest from Blog