O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning katta nabirasi, Gulnora Karimovaning o‘g‘li, 25 yoshli Islom Karimov Buyuk Britaniya hukumatidan siyosiy boshpana so‘radi. Bu haqda Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati kichik Islom Karimovning Londondagi advokatiga tayangan holda xabar berdi, deb yozadi Sof.uz nashri.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi prezidentining nabirasi kamida bir oy muqaddam siyosiy boshpana bo‘yicha murojaat bilan chiqqan.
Bu xabar haqida qayta-qayta batafsil so‘ralganida, Islom Karimov javob bermadi. Bi-bi-si manbasiga ko‘ra, unga advokati AQShdan boshpana so‘rashni tavsiya qilgan, ammo u Britaniyani tanlagan.
O‘zbekiston birinchi prezidentining katta nabirasi kichik Islom Karimov ayni damda Buyuk Britaniyada istiqomat qiladi. Gulnora Karimova esa hozirgi paytda O‘zbekistonda hibsda.
O‘tgan yil iyulida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova 2015-yilda soliq to‘lashdan bosh tortish aybi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilinganini bildirgandi.
Prokuratura, shuningdek, unga qarshi olib borilayotgan ikkinchi jinoiy ishga binoan Gulnora Karimova 1 milliard 942,8 million dollarlik (qariyb 2 milliradlik dollar) xorijiy valyutani yashirishda gumonlanayotgani va u boshqargan guruhning 1,5 milliard dollarga yaqin mablag‘i 12 ta xorijiy davlatda aniqlashtirilganini bildirgan.
Bi-bi-si o‘tgan yil Islom Karimovning Londondagi eng qimmatbaho mehmonxonalardan biri – 45 Park Lane mehmonxonasida yashab kelayotganiga guvoh bo‘lgandi. Badavlat va mashhur mijozlari bilan nom chiqargan bu mehmonxonada bir tun qolishning narxi oddiyroq xona uchun 777 dollar, hashamatlisi uchun esa 4304 dollar.