“Oʻzavtosanoat” AJ monitoring vaqtida aniqlangan qoidabuzarliklar oqibatida GM Uzbekistan “Humo Avtosavdo” MCHJ bilan dilerlik kelishuvini bekor qildi. Bu haqda “Oʻzavtosanoat” matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuvning bekor qilinishiga GM Uzbekistan avtomobillari savdosida shaffoflik boʻlmaganligi, kompaniya tomonidan eʼlon qilingan aksiyalarining munosib tashkil qilinmaganligi, avtosalon tomonidan kelishuv shartlarining doimiy ravishda buzib kelinganligi, avtosalon faoliyatidagi korrupsiya, avtomobillarni yetkazib berishda sunʼiy bronlash holatlari, xaridorlarga mavjud avtomobillar xususida notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganlik, rasmiylashtirishda amalga oshirilgan qonunbuzarlik kabi holatlar sabab boʻldi.
Shuningdek, avtosalon tozalik va gigiyena talablariga rioya qilmaganligi mijozlarning qulay sharoitlarda avtomobil xarid qilishiga toʻsqinlik qilgan.
Kompaniya shu kabi qonunbuzarlik holatlariga yoʻl qoʻyayotgan dilerlik markazlarini aniqlashda davom etadi.
Dilerlik markazlarida ana shunday qonunga xilof holatlar guvohi boʻlinsa yoki avtomobil uchun qoʻshimcha pul talab qilinsa, darhol (+99871) 141-7777 raqamlari orqali GM Uzbekistan Call-markazi yoki Bosh prokuraturaning 10-07 yagona ishonch raqamlariga murojaat qilish soʻralgan. Barcha qonunga xilof harakatlar alohida nazoratga olingan.