GM Uzbekistan shu yilning oktyabridan avtomobil sotib olish uchun elektron arizalar qabul qilish xizmatini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi «Sputnik O‘zbekiston«.
Foto: Escuela Delengua
Yangi xizmat kompaniya mahsulotlari savdosi boʻyicha Yagona portalga joylashtiriladi. Har bir dilerga onlayn rejimida mijozlarni roʻyxatga olish uchun portaldan foydalanish imkoni beriladi.
Xaridor elektron ariza berish uchun portalda soʻralgan maʼlumotlar, pasport seriyasi va raqami hamda soliq toʻlovchining identifikatsion raqamini kiritib roʻyxatdan oʻtadi. Yuridik shaxslar esa elektron raqamli imzo orqali roʻyxatdan oʻtishadi.
Portal avtomatik ravishda xaridor uchun identifikatsion (xos) raqam va shartnoma tuzish uchun navbat raqamini chiqaradi. Diler portal tomonidan avtomatik ravishda belgilangan navbatga muvofiq xaridorga shartnoma tuzish imkoniyati haqida maʼlum qiladi.
Shartnoma ham avtomatik rejimda identifikatsion raqam va shtrix-kod belgilangan holda tayyorlanadi. Diler shartnomani portaldan chop etadi va xaridorga topshiradi. Shu bilan birga toʻlov uchun hisob varagʻi beriladi va xaridor bankka yoʻl oladi.
Shartnoma faqat portalda ariza bergan shaxs bilan tuziladi. Mijoz diler tomonidan xabar berilganidan soʻng uch ish kunida kelmasa, mashina sotib olish haqidagi ariza bekor qilingan deb hisoblanadi. Diler xaridorni telefon, elektron pochta yoki SMS orqali xabardor qilishi shart etib belgilanadi.
Eng muhimi, kompaniya dilerlarga oʻzlari shartnoma tuzishni va portaldan tashqarida shartnomalar hisobini yuritishni taqiqladi. Yaʼni portal orqali qayd etilmagan shartnomalar haqiqiy deb hisoblanmaydi. Lekin dilerda sotib olish uchun xaridor tomonidan ariza yoki elektron buyurtma berilmagan avtomobillar mavjud boʻlsa, u holda diler ariza va elektron buyurtmasiz shartnoma tuzish huquqiga ega boʻladi.
Xaridor portal orqali onlayn rejimida navbat siljishini, yaʼni avtomobilni olish muddatini oʻziga berilgan identifikatsion kod (shartnoma raqami) yordamida kuzatib turishi mumkin.