Poytaxtda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) bilan hamkorlikda va Buyuk Britaniya hukumati moliyaviy koʻmagida gender zoʻravonlik holatlariga idoralararo javob qaytarish mexanizmini takomillashtirish, zoʻravonlik sodir etgan shaxs bilan profilaktika ishlarini yaxshilash hamda OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida “Gender zoʻravonlik holatlariga idoralararo chora koʻrishning milliy mexanizmi: ilk natijalar va saboqlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbirda ishtirokchilarga xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikni bartaraf etish Milliy harakatlar rejasining asosiy yoʻnalishlari va bugungi kundagi holati hamda soha mutaxassislarini oʻqitish boʻyicha erishilgan natijalar boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Oʻzbekistonda Standart operatsion ish tartiblar (SOT) koʻlamini kengaytirish, gender zoʻravonlik holatlariga idoralararo javob berish tizimini takomillashtirish, zoʻravonlikdan jabrlanganlarga har tomonlama xizmatlar koʻrsatish va zoʻravonlik sodir etgan shaxs bilan profilaktika ishlarini olib borish masalalari muhokama qilindi va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Taʼkidlanganidek, 2021-yilning 1-3-dekabr kunlari Toshkentda “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini” amalga oshirish doirasida ayollarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday turiga barham berish, gender zoʻravonlikka idoralararo javob qaytarish boʻyicha “Standart operatsion ish tartiblari”ni respublika boʻylab keng qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 112 ta mutaxassis uchun sogʻliqni saqlash, ichki ishlar, psixologik va ijtimoiy xizmatlar yoʻnalishlari boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazilgan edi.
Treninglardan soʻng oʻqitilgan mutaxassis-trenerlar tomonidan oʻz yoʻnalishlari boʻyicha hamkasblariga kaskad usulida trening mashgʻulotlari oʻtkazilib, soha mutaxassislarini oʻqitish jarayoni, koʻlami hamda erishilgan natijalarni oʻrganish maqsadida joriy yilning 28-fevral – 2-mart kunlari Xorazm viloyatiga, 3 – 4-mart kunlari Surxondaryo viloyatiga UNFPAning milliy ekspertlari tomonidan monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Davra suhbatida ushbu monitoring xulosalarini muhokama qilish, tavsiyalar ishlab chiqish, gender zoʻravonlik holatlariga idoralararo javob qaytarish mexanizmini takomillashtirish, jabrlanuvchilarga kompleks xizmatlar koʻrsatish (shu jumladan, oʻqitish, tarmoq va tarmoqlararo SOTlarni kengaytirish), zoʻravonlik sodir etgan shaxs bilan profilaktika ishlarini kuchaytirish, OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda jurnalistlar va blogerlarning gender sezgirlik koʻnikmalarini oshirish kabi masalalar shoʻbalarga boʻlingan holda muhokama qilindi.