2018-yilda «Gazprom» kompaniyasi O‘zbekiston va Qozog‘istondan 20 milliard kubametr gaz sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda RIA Novostiga «Gazprom eksport» vakili Andrey Zotov ma’lum qildi.
«Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat rahbarlarining uchinchi chorakda amalga oshirilgan uchrashuv chog‘ida Markaziy Osiyo davlatlaridan gaz sotib olish hajmlarini ko‘paytirishga qaror qabul qilindi: 2017-yilda 20 milliard kubametr harid qilinadi va 2018-yilda ushbu hajmda sotib olish rejalashtirilgan», — dedi Andrey Zotov.
Eslatib o‘tamiz, shu yil aprel boshlarida «Gazprom» O‘zbekiston bilan 2018-yildan boshlab yiliga 4 milliard kubametr gaz sotib olish bo‘yicha besh yillik shartnoma imzolangandi. Shuningdek, «Gazprom» va «O‘zbekneftegaz» o‘rtasida hamkorlikda geologik qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha bitim tuzilgandi.