Oʻzbekistonda elektr energiya va tabiiy gazdan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi, deb xabar qildi Sputnik.

Oʻtgan haftada ushbu masala boʻyicha hukumat qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, yangi qoidalarga koʻra, elektr energiya va tabiiy gaz zamonaviy hisoblagichlarini sotib olish, oʻrnatish, roʻyxatga olish, belgilangan tartibda davlat tekshiruvini amalga oshirish va muhrlash hududiy elektr tarmoq va tabiiy gaz taʼminot korxonalari hisobidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, ushbu hujjatda elektr energiya va tabiiy gaz hisoblagichlarini oʻz vaqtida va sifatli tekshirishni tashkil etishga javobgarlik aholiga emas, balki hududiy elektr tarmoq va tabiiy gaz taʼminot korxonalariga yuklatilganligi aniq belgilab qoʻyildi.
Oʻzbekiston kelgusi bir necha yillar davomida Osiyo, Butunjahon va Islom taraqqiyot banklari kreditlari hisobiga respublika boʻylab qariyb 6 million dona elektr energiya hisoblagich oʻrnatish, shuningdek, yagona billing va foydalanuvchilar bazasini joriy etish rejalashtirmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 800 million dollarni tashkil etadi.
Gaz taqsimlash tarmogʻida ham bunga oʻxshash tizimni tatbiq etish 800-900 million dollar atrofida baholanmoqda. Respublika boʻylab 3 milliondan ortiq hisoblagichlarni oʻrnatish rejalashtirilgan.
Ushbu loyihalar boʻyicha hamkorlar sifatida 3 ta — Sagemcom (Fransiya), Landis & Gyr (Shveytsariya) va Elster Metronica (Germaniya kompaniyalari koʻrib chiqilgan.