Gavhar Zokirova: oʻzbeklar va tojiklar – ikki tilda soʻzlashadigan yagona xalqdir

Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova Xalqaro Press klubda boʻlib oʻtgan «Oʻzbekiston-Tojikiston: davlatlararo hamkorlik, oʻzaro ishonch va umumiy manfaatlar» mavzusida oʻtkazilgan sessiya davomida oʻzbek-tojik aloqalarining tiklanishi haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Foto: Xalqaro Press Klub

«Esimda, chegaralar ochilgan vaqtdagi kadrlarni namoyish etishganida, odamlar koʻz yoshlar bilan bir-birlarini bagʻirlariga bosishgan edi. Sanʼat sohasi vakillari ham ushbu tadbirda ishtirok etgandi. Bu odamlar yillar davomida kutgan quvonchli lahzalar edi! Odamlarning oʻz qarindoshlarini koʻrishi, otalarning oʻz bolalari bilan uchrashishi, oddiy odamlar, chegaralar ochilgani tufayli oʻzini baxtli his etdi. Oʻylaymanki bu katta baxtdir”, – deb taʼkidladi Gavhar Zokirova.

Shundan soʻng, xalq artisti Dushanbega borish hozir Chilonzorga borishdek oson boʻlgan davrlarni esga oldi.

«Oʻz vaqtida biz Dushanbega hozir Chilonzorga borgandek oson borar edik. Chiptani olasizu, samolyotga oʻtirasiz, tamom. Oʻzimiz juda koʻp borganmiz, teatrlarimiz juda koʻp gastrollarda boʻlgan, u yerda bizning artistlarimizni hamma tanir edi. Ajoyib tarzda kutib olardilar, orqamizdan muxlislar galasi yurardi», – deb esga oladi sanʼatkor.

Zokirovaning soʻzlariga koʻra, tojikistonlik tomoshabinlar juda oddiy, samimiy va mehribon boʻlgan.

«Qanday qilib ikki xalqni: oʻzbek va tojik xalqlarini ajratish mumkin? Bu ikki tilda soʻzlashadigan yagona xalqdir. Va nihoyat eng asosiysi, biz bir-birimizni juda sogʻingan ekanmiz. Nihoyat birgamiz, endi tez-tez uchrashib turishimiz, ular oʻzlarining spektakllari bilan bu yerga keladilar, biz boramiz. Madaniy va sanʼat sohasidagi hamkorligimiz doimiy davom etsin. Biz har doim birga boʻlishimizga hech qachon toʻsiqlar boʻlmasin. Xalq uchun bu eng asosiy baxt”, – deb qoʻshimcha qildi xalq artisti.

Eslatib oʻtamiz, Toshkentda 1-4-avgust kunlari Tojikiston delegatsiyasi tashrif buyurdi. Uning tarkibiga 55 nafar sanʼant, fan va taʼlim vakillari kirdi. Ikki davlat vakillari aloqalarni mustahkamlash va kelgusi yilga hamkorlik rejalarini tuzishdi.

Fikr bildirish

Latest from Blog