Prezidentning “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shu kunlarda joylarda Xotira va Qadrlash kuni arafasida bayramning asosiy tantanasiga, ya’ni Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan urush yillari qo‘shiq va musiqalari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarga jalb qilingan jamoalarning tayyorgarligi bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 28-aprel kuni poytaxtimizda Mudofaa vazirligi tomonidan ana shunday tadbirlardan biri o‘tkazildi. Unda bir guruh harbiy xizmatchilarning jang maydonlarida foydalanilgan avtomobillarda, urush yillaridagi harbiy kiyim va qurollar bilan shahrimiz ko‘chalari bo‘ylab ko‘rgazmali borishlari tashkil etildi. Avtokolonna Janubiy vokzaldan yo‘lga chiqib, Akademik Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik instituti tomon harakatlandi.
Toshkentda joylashgan harbiy qismlarning biridan chiqqan urush davri avtomobillari bir qarashda yoshu qari, barchaning e’tiborini tortdi. Keng va ravon Toshkent ko‘chalarida ketayotgan bu tarixiy eksponatlarni eng so‘nggi rusumdagi avtomobillar haydovchilari ham, yo‘lovchilar ham hayratlanib, to‘xtab tomosha qilishdi.
Mazkur avtomobillar Ikkinchi jahon urushi yodgorligi, tarixiy eksponat hisoblanadi. Jang maydonlarida foydalanilgan bu mashinalar fashizmga qarshi olib borilgan urushda g‘alabani ta’minlagan muhim bir omil edi, deya qayd etadi Mudofaa vazirligi axborot xizmati.