Inson huquqlarini himoya qiluvchi Freedom House tashkiloti 2020-yilda koronavirus pandemiyasi, iqtisodiy noaniqlik va mojarolar tufayli global miqyosda erkinlik koʻrsatkichi pastlaganini maʼlum qildi.
Tashkilot 3-mart kuni eʼlon qilgan yillik hisobotda “erkin emas” deb belgilangan mamlakatlar soni soʻnggi 15 yil ichida qayd etilgan eng yuqori darajaga koʻtarilgani aytiladi.
Hisobotda Qirgʻiziston va Belarus siyosiy huquqlar va fuqarolik erkinliklari boʻyicha eng katta yoʻqotishlar kuzatilgan davlatlar qatoriga kiritildi. Ayni paytda Shimoliy Makedoniya eng katta yutuqlarga erishgan mamlakatlar safidan oʻrin oldi.
Bu yilgi hisobotda 73 mamlakat, shu jumladan, nafaqat Xitoy, Belarus va Venesuela kabi avtoritar davlatlar, balki AQSH va Hindiston singari “notinch demokratik davlatlarning” erkinlik koʻrsatkichlari pasaytirildi.
2020-yilda “demokratiya himoyachilari avtoritar raqiblariga qarshi kurashda ogʻir yoʻqotishlarga yoʻliqdilar va xalqaro muvozanat zulm foydasiga oʻzgardi”, deyiladi hisobotda.