Xitoyning Alibaba Group elektron tijoriy kompaniyasi asoschisi Jek Ma yana mamalakatning eng badavlat kishisi deb topildi. Bu haqda Forbes jurnalidagi ma’lumotlarga tayanib Gazeta.ru xabar bermoqda.
Biznesmen bu safar ham Wanda Group asoschisi va 2015-yilgi Forbes versiyasi bo‘yicha Xitoyning eng badavlat kishisi Van Syanlinni ortda qoldirdi.
Xabarga ko‘ra, Jek Maning mablag‘i 30,9 mlrd. dollar, Van Syanlinniki esa 30,7 mlrd. deya baholangan.
Wanda Group asoschisining mablag‘lari asosan ko‘chmas mulk hamda ko‘ngilochar sanoatidan keladi. Jek Maning daromadlari 2017-yilda Alibabaning aksiyalari qimmatlashgani sabab o‘sgan.
Forbesga ko‘ra, ayni vaqtda Osiyo qit’asining eng badavlat kishisi o‘zining 32,9 mlrd. dollar mablag‘i bilan gonkonglik Li Syachen bo‘lib qolmoqda.
Alibaba Group internet-giganti Xitoyning eng yirik kompaniyalaridan sanaladi. Kompaniya elektron tijorat sohasida 1999-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya negizida dunyoga mashhur AliExpress.com, Taobao.com, Tmall.com, Alibaba.com va Alibaba Pictures kompaniyalari tashkil qilingan.