Internet tarmogʻidagi yirik guruhlarda bir necha hafta davomida ichki ishlar idoralarining fohishalik bilan qoʻlga tushgan ayollar va mast haydovchilarining suratlarini eʼlon qilinishiga haqqi bor-yoʻqligi qizgʻin muhokama etilmoqda.
Oʻtgan yilning dekabr oyidan boshlab, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi oʻzining rasmiy saytida mast holatda mashina boshqarib qoʻlga tushgan haydovchilarning fotosuratlarini eʼlon qilishni boshladi. Oʻtgan haftada ilk bor fohishalik bilan shugʻullangan ayollarning fotosuratlari ham eʼlon qilindi.
Toshkent IIBB bosh boshqarmasi vakillari nima uchun bundan choralarni koʻrayotganligi va ularni amalga oshirish oqibatida jinoyatchilik sonini kamayishiga qanday taʼsir koʻrsatganligini maʼlum qilishdi.
«Soʻnggi vaqtlarda fohishalik bilan shugʻullangan ayollarning foto suratlarni chop etishni boshladik. Nima uchun bunday qildik? Chunki ushbu ayollar oʻzlari maxsus saytlarda bemalol oʻzlarining fotosuratlarini, telefon raqamlarini, badan oʻlchamlari, oʻzlarini va xizmatlarini reklama qilishmoqda», — deb taʼkidladi IIBB boshliq oʻrinbosari Doniyor Toshxoʻjayev.
Uning soʻzlariga koʻra, huquq tartibot organlari tomonidan bunday choralar faqatgina qoʻlga olingan ayollar va ularning faoliyatlari haqida maʼlumotlar batafsil tekshirib chiqilgandan soʻng amalga oshirildi. Qoʻlga olingan shaxslar kimdir sudga arz qilmoqchi boʻlsa, albatta buni qilishlari mumkin. Sud jarayonida IIBB oʻz hatti-harakatlarini tushuntirib beradi.
«Biz hammasini toʻgʻri qilayapmiz, chunki bu kabi huquqbuzarliklarning profilaktikasi bilan shugʻullanishimiz kerak. Bu mast holda mashina boshqargan haylovchilarni suratlarini chop etish masalasiga ham taalluqli. Bir oydan keyin boʻlmasa ham, bir yil ichida albatta buning natijasi boʻladi. Aslini olganda mast holda mashina boshqargan haydovchilar soni kamaymoqda», — deb qoʻshimcha qildi IIBB boshliq oʻrinbosari.