Nobel qo‘mitasi fizika bo‘yicha 2022-yilgi mukofot sovrindorlari nomini e’lon qildi.
Bu yilgi mukofot uch nafar olim — Alen Aspe (Fransiya), Jon F. Klauzer (AQSH) va Anton Zaylingerga (Avstriya) “chigal fotonlar bilan tajriba o‘tkazgani, Bell tengsizliklarining buzilishini aniqlagani va kvant informatikasidagi kashfiyotlari” uchun berildi.
BREAKING NEWS:
The Royal Swedish Academy of Sciences has decided to award the 2022 #NobelPrize in Physics to Alain Aspect, John F. Clauser and Anton Zeilinger. pic.twitter.com/RI4CJv6JhZ— The Nobel Prize (@NobelPrize) October 4, 2022
2021-yili fizika bo‘yicha Nobel mukofotining bir qismi amerikalik iqlimshunos Syukuro Manabe va germaniyalik olim Klaus Xasselmanga Yer iqlimini fizik modellashtirish va global isishning ishonchli tahlili uchun, ikkinchi qismi esa italiyalik fizik Jorjo Pariziga atomlardan sayyoralargacha bo‘lgan fizik tizimlarda tartib va tebranishlarning o‘zaro ta’sirini kashf qilgani uchun berilgan edi.
2022-yilgi Nobel haftaligi 3-oktabrda boshlandi. An’anaga ko‘ra, birinchi bo‘lib tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha mukofot g‘oliblari e’lon qilindi. 2022-yilda shved olimi Svante Paabo “yo‘q bo‘lib ketgan gomininlar genomi va inson evolyutsiyasiga oid kashfiyotlar” uchun mukofotga sazovor bo‘ldi.
5-oktabr kuni kimyo, 6-oktabr kuni adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilinadi. 7-oktabr kuni esa Osloda tinchlik bo‘yicha mukofot sohibi ma’lum bo‘ladi. 10-oktabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini kim olgani e’lon qilinadi.
Mukofotlarni topshirish marosimi 10-dekabrda — mukofot ta’sischisi Alfred Nobel vafot etgan kunda bo‘lib o‘tadi. Odatda sovrindorlar mukofotlarni Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav ishtirokidagi tantanali marosimda shaxsan qabul qilib oladi. Biroq 2020 va 2021-yillarda koronavirus pandemiyasi tufayli, marosim videoformatda o‘tkazilgandi.