«Xazonrezgi» filmida bosh rollardan birini ijro etgan Feruza Saidova «Ak Ilbirs-2017» — Qirgʻiziston milliy kinomukofoti hayʼati tomonidan Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi deb topildi. Bu haqda tadbirning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qilindi.
«Xazonrezgi» filmining rejissyor va ssenariy muallifi Zulfiqor Musoqov boʻlib, film markazida afgʻon urushi sinovidan oʻtgan qahramon turadi. Uni oʻtmishning dahshatli va qonli xotiralari qiynaydi, lekin u shoshilmasdan, sinchkovlik bilan oʻzining bugungi hayotini tahlil qiladi.
«Ak Ilbirs» (Qor barsi) kinomukofoti kinematografiya sohasida erishgan yutuqlari va qoʻshgan hissasi uchun beriladigan mukofot boʻlib, Qirgʻiziston kinematografiyachilar ittifoqi va Kinoni rivojlantirish fondi tomonidan taʼsis etilgan.
Gʻoliblarga bronzadan yasalgan qor barsi haykalchasi topshiriladi.