Farg‘onada sodir bo‘lgan havo-gaz aralashmasi chaqnashi oqibatida 3 nafar maktab o‘quvchisi jarohatlandi

27-noyabr kuni soat 08:40 da Rishton tumanida joylashgan “Rishton bosmaxonasi” MChJ binosida gaz vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati.

Foto: UZ24

Hodisa oqibatida bir nafar fuqaro o‘rta darajadagi (15%) kuyish bilan jarohat olgan. Shuningdek, chaqnash to‘lqini zarbasi natijasida “Rishton bosmaxonasi” MChJ binosining yaqinida joylashgan 1-sonli umumta’lim maktabining uch nafar o‘quvchisi yengil tan jarohati olishgan.

Jabrlangan fuqaro tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Birinchi yordam ko‘rsatilgandan so‘ng maktab o‘quvchilari uyiga jo‘natilgan.

Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Rishton tumani prokuraturasi, ichki ishlar va yong‘in xafvsizligi bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Latest from Blog