Fargʻona viloyatida “Istiqlol” oʻyingohi avtoturargohida ilk bor avto va motosport ixlosmandlari uchun “Drift shou” namoyish etildi. Oʻyingohda shuningdek, avto drift shou, moto drift shou, avtotovush va avtomoto koʻrgazmalari ham tashkil etildi. Unda jami 100 nafarga yaqin ishtirokchilar oʻzlarining avtotransportlari (sportcar) bilan ishtirok etishdi. “Drift shou” da nafaqat oʻzbekistonlik balki Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻizistondan kelgan sportchilar ham mahoratlarini ommaga namoyish etishdi. “DRIFT SHOW CARAVAN” loyihasi 3 kun ichida 13 mingdan ziyod tomoshabinlarni oʻziga jalb eta oldi.
Viloyat hokimligi hamda Аvto-moto turizm assotsiatsiyasi hamkorligida Fargʻonada ilk bor oʻtkazilgan sport shousining ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari va Аvto-moto turizm assotsiatsiyasi raisi Otabek Olimjonov ham ishtirok etdi. Soʻzga chiqqan mutasaddilar Fargʻona viloyatida avtomototurizmni yangi turizm yoʻnalishi sifatida rivojlantirish va hozirgi imkoniyatlari haqida soʻzlashdi. Turizm sohasi va avtomototurizm yoʻnalishini rivojlantirish borasida taklif va mulohazalar hamda muammolar muhokama etildi.
Tezkor harakatlar, shiddatli burilishlar, oʻziga xos tezkorlik tomoshabinlarda katta hayrat uygʻota oldi. Sababi adrenalinga boy boʻlgan drift shouda haydovchilar, mototsiklchilar oʻzlarining maxsus tayyorlangan transport vositalarida ishtirok etib, oʻz chiqishlari, tryuklari orqali ishtirokchilarni joʻshqinlantira olishdi.
Endilikda Fargʻona viloyatini vodiy oʻlkasining avtoturizm markaziga aylantirish uchun har yili bir marotaba “DRIFT SHOW CARAVAN” xalqaro avtoturizm loyihasi oʻtkaziladi. Bu kabi drift shoular iyul oyida Navoiyda, avgust oyida Andijonda, sentyabr oyida Qashqadaryoda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.