/

Estoniya Shengen vizasi bo‘lgan rossiyaliklar uchun o‘z chegarasini yopadi

Foto: RIA Novosti

Estoniya o‘zi tomonidan berilgan Shengen vizalariga ega Rossiya fuqarolari uchun o‘z hududiga kirishni taqiqlaydi. Hukumatning tegishli qarori haqida Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu ma’lum qildi.

Reynsaluning so‘zlariga ko‘ra, tegishli qoida kelasi hafta kuchga kiradi. Estoniya fuqarolari va istiqomat guvohnomasi egalarining yaqin qarindoshlari, diplomatlar va ularning oila a’zolari, shuningdek, transport kompaniyalari xodimlari bundan istisno qilinadi.

Shu bilan birga, Shengen kelishuvining boshqa mamlakatlari tomonidan berilgan vizalar bo‘yicha kirish mumkin bo‘ladi. Vazir qayd etishicha, ayni paytda hukumat ular uchun ham kirishni taqiqlash imkoniyatini o‘rganmoqda.

Reynsaluning bayonotida faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyadan  yoki Shengen kelishuvining boshqa mamlakatlaridan ham kirish taqiqlanishi masalasi noaniq qolgan. Amaldagi Shengen qoidalari barcha davlatlardan hamjamiyat ichkarisida har qaysi mamlakat tomonidan berilgan amal qiluvchi vizasi bor odamlar erkin harakatlanishini ta’minlashni talab qiladi.

Estoniya bahordayoq, Ukrainada urush boshlanganidan keyin ko‘p o‘tmay Rossiya fuqarolariga turistik vizalar berishni to‘xtatgandi. Hozir vizalar faqat Estoniya rezidentlari qarindoshlariga yoki gumanitar maqsadlarda beriladi.

Avvalroq Estoniya Tashqi ishlar vazirligi Yevroittifoq darajasida rossiyaliklarga viza berishni to‘liq taqiqlashni muhokama qilishga chaqirgan edi. Rossiyaliklarga Shengen vizalari berilishini taqiqlash haqidagi taklif Yevroittifoqda muhokamaga qo‘yildi. Taklif nafaqat sayyohlarga, balki jurnalistlar, dissidentlar va Yevroittifoq mamlakatlari fuqarolarining qarindoshlariga ham viza berishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Taklif avgust oxirida Pragada Yevroittifoq mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida muhokama qilinadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb mamlakatlari barcha rossiyaliklarga o‘z hududiga kirishni taqiqlashi kerakligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarning barchasi Rossiya fuqarolari uchun bir yilga chegaralarni yopish va Rossiya yonilg‘isini sotib olishga to‘liq embargo qo‘yish oldida “kuchsiz” hisoblanadi.

Yevroittifoqning ba’zi mamlakatlari vizalar berishni bahordayoq, urush boshlanganidan keyin deyarli darhol to‘xtatgan edi. Ular orasida barcha Boltiq davlatlari, Chexiya, Slovakiya, Malta bor. Polsha Rossiya fuqarolariga bevosita Rossiyadan yoki Belarusdan mamlakatga kirib kelishni taqiqladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog