Erondagi namoyishlar ortidan axloq politsiyasi tugatildi

Eron hukumati axloq politsiyasini tugatish to‘g‘risida qaror chiqargan. Bu haqda turli arab nashrlari mamlakat bosh prokuraturasiga tayanib xabar bergan.

«Eronning bosh prokuraturasi axloq politsiyasini tugatish haqida ma’lumot tarqatgan», — deya xabar bergan ingliz tilida yuritiladigan Arab News portali.

Eron bosh prokurori Muhammad Ja’far Muntaziriyning so‘zlariga ko‘ra, «Axloq politsiyasi tugatilishiga sabab uning Islom respublikasi huquqni qo‘llash tizimiga mutlaqo aloqasi yo‘qligidir».

Avvalroq Eron adliya organlari ayollarning hijob kiyib yurishi majburiyligiga doir qoidalarga o‘zgartirish kiritish imkoniyatini o‘rganib chiqayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Mamlakatda sentabr oyida 22 yoshli kurd ayoli Mahsa Aminiyning o‘limi tufayli norozilik namoyishlari davom etayotgandi. O‘shanda «axloq politsiyasi» Mahsani hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun Tehron metro bekatlaridan birida ushlab, politsiya uchastkasiga olib borib kaltaklagani tufayli vafot etgani aytiladi.

Eron hukumati rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik namoyishlari chog‘ida 200 dan oshiq kishi vafot etgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog