Eng yosh vazir oʻrinbosari oʻzining yangi loyihasini ishga tushirmoqda

Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari etib tayinlangan Alisher Saʼdullayev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida oʻzining yangi loyihasi haqida post eʼlon qildi.

Foto: Xalqaro press klub

«…mening tashabbusim bilan Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Yoshlar Ittifoqi hamda «Yoshlar» telekanali bilan hamkorlikda yangi loyiha ish boshlaydi.

Loyiha Oʻzbekiston ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyatiga oid eng ilgʻor gʻoyalarni ommaviy uzatish va tinglashga imkon yaratib beruvchi platforma boʻlib xizmat qiladi.

Oddiy dehqondan tortib vazirgacha boʻlgan xohlovchilar «Yoshlar» telekanalida taqdimot qilishlari orqali oʻzining ibratli gʻoyalari, tajribasi va hikoyalarini omma bilan baham koʻra oladi. Misollar: poyabzal ishlab chiqaruvchisining biznes faoliyati; oʻqituvchi oʻzi ishlab chiqqan, rusiyzabonlarga oʻzbek tilini oʻrganishlari boʻyicha qoʻllanmasining taqdimoti; shahar hokimining oʻz faoliyati davomida duch kelgan ibratli, barchani larzaga soladigan hikoyasi; ilmiy xodimning ixtirosi; oʻlim bilan olishib tirik qolgan bemorning tashakkuri; talabaning «Start up» gʻoyasi; oʻt oʻchiruvchisining oilasi va hayoti; doimo kulib yuradigan bogʻbon maslahatlari; jurnalistning jasorat hikoyasi; Oʻzbekistonda ekstremal sport va boshqalar.

Loyihaning maqsadlari: fikrlar va gʻoyalarni bir joyga jamlab, ovoza qilish, ularning bazasini yaratish; ijtimoiy birdamlik hamda faollikni kuchaytirish; hamfikr insonlarni bir-birlarini topib, aloqa oʻrnatishlarida yordam berish va bu orqali gʻoya egalarini, ayniqsa yoshlarni ruhlantirish va qoʻllab-quvvatlash.

Loyihaning xalqaro muqobili — TED (www.ted.com) platformasidan farqi shundaki, uning asosiy faoliyati internet emas, balki televideniye kanali orqali olib boriladi va bu bilan keng omma qamrovi taʼminlanadi.

 

Biz hozirda jamoamiz bilan loyihaning tartibi, nizomi hamda ishtirokchilar/taqdimotchilar uchun standard koʻrsatmalarni ishlab chiqmoqdamiz. Milliy qadriyatlarimizni, Oʻzbekiston shart-sharoitlarini eʼtiborga olgan holda ushbu loyiha boʻyicha har qanday fikrlaringizni kutib qolamiz. Buyuk bobokalonimiz Amir Temur aytganlariday: «Kuch — birlikda». Kelinglar, birgalashib ushbu loyihani amalga oshiraylik!», — deyiladi xabarda.

Fikr bildirish

Latest from Blog