Endi yangi qurilgan uyda koʻchmas mulkni 1 soʻmga sotib olinganda ham Toshkent propiskasi beriladi

Yangi qurilgan uyda koʻchmas mulk 1 soʻmga sotib olinganda ham poytaxt propiskasi beriladi. Bu haqda “Norma” Axborot – huquqiy portali xabar bermoqda.

Foto: xs.uz

Xabarga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 22.10.2018 yildagi 845-son qarori bilan quyidagi hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi:

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

Eslatib oʻtamiz, 2017 yil iyul-avgustdan boshlab joriy etilgan tartibga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari va chet el fuqarolari yangi qurilgan uyda koʻchmas mulk sotib olish sharti bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskadan oʻtish imkonini qoʻlga kiritgan edilar. Parallel ravishda bitimning eng kam summasi haqidagi shart joriy etilgan edi:

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa mintaqalaridan kelgan va oʻsha mintaqalarda doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun – qiymati 2 500 EKIHdan kam boʻlmagan (material eʼlon qilingan sanada – 460 mln 750 ming soʻm). Shuningdek oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun 5 foizlik boj toʻlash ham talab etilgan;

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga boshqa davlatlardan kelgan va yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan – qiymati 600 mln soʻmdan kam boʻlmagan. Shuningdek oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun 10 foizlik boj toʻlash ham talab etilgan.

Keyinchalik shaxs Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxatining 1-bandi, shuningdek Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinish huquqiga ega boʻlgan shaxslar – chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxatining 1-bandiga asosan turar joy mulkdori sifatida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskadan oʻtish uchun hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega boʻlgan.

Endi Oʻzbekiston fuqarolari uchun bitim summasi boʻyicha cheklovlar toʻliq olib tashlandi. Bitim summasi miqdori hatto 1 soʻm boʻlishi mumkin. Chet el fuqarolari esa, qaysi toifaga mansubligidan qatʼi nazar, 3 300 EKIH (material eʼlon qilingan sanada – 608 mln 190 ming soʻm) toʻlashlariga toʻgʻri keladi. Shu tariqa, Oʻzbekistonning boshqa mintaqasida propiskaga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar koʻproq toʻlaydigan boʻldilar.

Adliya vazirligi 2018 yil fevralda tayyorlagan loyihadan farqli ravishda, qabul qilingan hujjatda propiskaga ega boʻlmay turib ikkilamchi bozorda turar joy sotib olishga ruxsat berilmagan. Garchi bekor qilish taklif etilgan boʻlsa ham, turar joy uchun hisob-kitobni bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirish tartibi ham saqlanib qoldi.

Maʼlumot uchun: Yangi turar joyni ipotekaga sotib olish propiskadan oʻtishga toʻsqinlik qilmaydi.

Bu – muhim! Yangiliklarning amalda joriy etilishi muayyan darajada Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (30.03.2010 yilda 2090-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) qabul qilingan hujjatga muvofiqlashtirilishiga ham bogʻliq. Bundan tashqari, Oʻzbekiston fuqarolari uchun bitim summasining eng quyi chegarasi bekor qilingan ekan, demak, turar joyning oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun davlat bojini yuqorida bayon etilgan tartibda hisoblab chiqarish mexanizmiga ham oʻzgartirish kiritiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Fikr bildirish

Latest from Blog