Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik boʻyicha jamgʻarmasi (UNFPA)ning yangi hisobotiga koʻra, barcha homiladorliklarning qariyb yarmi oldindan rejalashtirilmagan boʻlib, bu holat global inqirozdan darak beradi.
Urush va favqulodda gumanitar vaziyatlar oldindan rejalashtirilmagan homiladorliklar sonining yanada oʻsishiga zamin yaratmoqda.
Butun dunyodagi homiladorlik holatlarining deyarli yarmi, yaʼni yiliga 121 million homiladorlik oldindan rejalashtirilmagan. Bugun UNFPA, BMT Jinsiy va reproduktiv salomatlik masalalari agentligi tomonidan chop etilgan “2022-yilda dunyo aholishunosligi” nomli hisobotga koʻra, qayd etilgan ayollar va qizlar uchun eng muhim reproduktiv tanlov hisoblangan homilador boʻlish yoki boʻlmaslik masalasi umuman tanlov sanalmaydi.
Xususan, “Yashirilganni koʻrish: inkor etilayotgan rejalashtirilmagan homiladorlik inqirozi vaziyatidagi harakatlarni asoslash” nomli hisobotda inson huquqlari sohasiga doir mazkur inqiroz jamiyat, xotin-qizlar hamda butun jahon sogʻliq saqla sohasi uchun chuqur oqibatlarga olib kelishi mumkinligi yuzasidan ogohlantirish taʼkidlangan. Rejalashtirilmagan homiladorliklarning 60 foizdan ortigʻi abort bilan yakunlanadi va baholashlarga koʻra, jami abortlarning 45 foizi xavfli boʻlib, 5-13 foiz holatlarda onaning oʻlimiga olib keladi. Bu holat dunyoning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish qobiliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Ukraina hududidagi urush, shuningdek jahon boʻylab kuzatilayotgan boshqa nizolar va inqirozlar rejalashtirilmagan homiladorliklar sonining ortishiga sabab boʻlishi kutilmoqda, zero kontratsepsiya vositalaridan foydalanish imkoniyati qisqarib, jinsiy zoʻravonliklar soni ortmoqda.
“Bu hisobot – juda xavotirli ogohlantirish. Rejalashtirilmagan homiladorliklarning aql bovar qilmas soni inson, jumladan xotin-qizlarning asosiy huquqlarini taʼminlashga global qodirsizlikdan dalolat beradi”, — deydi UNFPA ijrochi direktori, doktor Nataliya Kanem. “Qayd etilgan ayollarda hayotni oʻzgartiruvchi eng muhim reproduktiv tanlov – homilador boʻlish yoki boʻlmaslik tanlovi mutlaqo mavjud emas. Mazkur asosiy qarorni qabul qilish huquqini xotin-qizlarning oʻzlariga topshirish orqali jamiyat onalik, bu – muqarrar holat emas, balki intilish ekanligini kafolatlashi mumkin.
Baholashlarga koʻra, butun dunyoda homiladorlikning oldini olish istagida boʻlgan 257 million ayol zamonaviy kontratsepsiya vositalaridan foydalanmaydi va mavjud maʼlumotlarga binoan, barcha ayollarning qariyb toʻrtdan bir qismi jinsiy aloqaga “yoʻq” javobini qaytara olmaydi. Taʼkidlash joizki, rejalashtirilmagan homiladorlikka qator boshqa muhim omillar sabab boʻlmoqda, jumladan:
- jinsiy va reproduktiv salomatlik sohasida tibbiy xizmatlar va axborotning mavjud emasligi;
- ayolga fiziologik sabablar yoki vaziyat taqozosi sababli toʻgʻri kelmaydigan kontratsepsiya variantlari;
- zararli qoidalar va stigmatizatsiya, ularning farzand koʻrish qobiliyati va tanasini nazorat qiluvchi atrofdagi ayollar;
- jinsiy zoʻravonlik va reproduktiv majburlash;
- ayollar sogʻliqni saqlash sohasida toʻqnash keladigan ayblash yoki sharmandalik;
- nochorlik yoki toʻxtab qolgan iqtisodiy rivojlanish;
- gender tengsizlik.
Bu omillarning barchasi xotin-qizlarni ona boʻlishga majburlash maqsadida jamiyat tomonidan oʻtkazilayotgan bosimni aks ettiradi. Rejalashtirilmagan homiladorlik doim shaxsiy omadsizlikni anglatmaydi va jamiyatda ruxsat berilmagan avtonomiyaning yoʻqligi yoki ayolning hayoti qanday nuqtai nazardan qadrlanishiga bogʻliq boʻlishi mumkin.
Inqiroz davrida rejalashtirilmagan homiladorliklar soni ortadi
Inqirozlar va nizolar ayollarni barcha bosqichlarda harakat qilish erkinligidan mosuvo qilib, eng xavfli boʻlgan vaqtda rejalashtirilmagan homiladorlik tavakkalini keskin oshiradi. Ayollar koʻpincha homiladorlikka qarshi vositalardan foydalana olmaydilar, jinsiy zoʻravonlik kuchayadi, xususan ayrim tadqiqotlarga koʻra, 20 foizdan ortiq qochqin xotin-qizlar jinsiy zoʻravonlikka toʻqnash keladilar. Afgʻonistondagi urush va sogʻliqni saqlash tizimidagi uzilishlar 2025-yilga borib 4,8 million rejalashtirilmagan homiladorlik holatlariga sabab boʻlishi kutilmoqda va bu vaziyat umumiy barqarorlik, tinchlik va qayta tiklanish qobiliyatiga tahdid soladi.
“Agar sizda uyingizni tark etish uchun atigi oʻn besh daqiqa boʻlsa, oʻzingiz bilan nimani olasiz? Pasportingizmi? Ovqatmi? Kontratsepsiya vositalarini olishni unutmaysizmi?” – deya savol beradi UNFPA ijrochi direktori, doktor Nataliya Kanem. “Inqiroz yuz berganidan soʻng jinsiy va reproduktiv salomatlik va muhofaza xizmatlari kunlar, haftalar va oylar davomida hayotlarni saqlab qoladilar, xotin-qizlarni xatarlardan himoya qilib, rejalashtirilmagan homiladorliklarning oldini oladilar. Ular xuddi ovqat, suv va boshpana kabi zarurdir”.
Harakatlar uchun javobgarlik
Hisobotda xotin-qizlarning eng asosiy huquqlari tinchlik vaqtida va urush davrida osongina ikkinchi darajaga oʻtib qolishi koʻrsatib berilgan. Unda qaror qabul qiluvchi shaxslar va sogʻliqni saqlash tizimlari kontratsepsiya vositalaridan foydalanish imkoniyati, ularning sifati va xilma-xilligini yaxshilash, jinsiy va reproduktiv salomatlik sohasida sifatli tibbiy xizmatlar hamda axborotni sezilarli darajada kengaytirish orqali rejalashtirilmagan homiladorlikning oldini olishga ustuvor eʼtiborni qaratishga chaqirilgan.
Hisobotda boshqaruv organlari, jamoat yetakchilari va alohida shaxslar jinsiy aloqa, kontratsepsiya va onalik borasida ijobiy qarorlar qabul qilinishi uchun xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek xotin-qizlarning qadri farzand koʻra olish qobiliyati bilangina cheklanib qolmaydigan jamiyatlarni rivojlantirishga daʼvat etilgan. Ushbu sohada muvaffaqiyatga erishilgan taqdirda xotin-qizlar jamiyat hayotida toʻlaqonli hissa qoʻshgan holda, farzandli boʻlish yoki boʻlmaslik bilan bogʻliq asosiy tanlovni mustaqil amalga oshirish uchun zarur vositalar, axborot va vakolatlarga ega boʻladilar.